Jahon | 15:40 / 09.09.2024
5109
3 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya Ukrainaning Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishini qoraladi

Ruminiya Ukrainaning so‘nggi o‘qqa tutilishi va Rossiya uchuvchisiz uchog‘i o‘z havo hududiga kirishini qoraladi.

Foto: AP

Ruminiya 8 sentabr, yakshanbaga o‘tar kechasi Ukrainani o‘qqa tutishi chog‘ida Rossiya uchuvchisiz uchog‘i tomonidan o‘z havo hududi «yana bir bor buzib kirilishi»ni keskin qoraladi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi saytida chop etilgan rasmiy press-relizda aytiladi.

Vazirlik Rossiya hujumining o‘zini «noqonuniy» va «xalqaro qonunlarga zid» deb atadi hamda Rossiya armiyasini fuqarolik nishonlari va port infratuzilmasiga zarba berishda aybladi.

Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 02:25 dan boshlab Ruminiya harbiy-havo kuchlarining ikkita F-16 samolyoti «havo holatini kuzatish uchun» havoga ko‘tarilgan. «Ushbu voqealar davomida radar kuzatuv tizimi mamlakat havo hududiga kirib, Ukraina yo‘nalishi bo‘yicha o‘z hududini tark etgan dronning parvoz yo‘lini aniqladi va kuzatdi», — deyiladi xabarda.

Ruminiyalik deputatlar Patriot'ni Ukrainaga berishni ma’qulladi

Ruminiya parlamentining quyi palatasi 3 sentabr kuni Patriot zenit-raketa kompleksini Ukrainaga beg‘araz topshirishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi, deb xabar berdi Reuters agentligi. «Prezident Klaus Yoxannis qonunni imzolashi bilanoq hukumat topshirish to‘g‘risida buyruq chiqaradi», — deyiladi bayonotda. Ruminiya hukumati bir kun avval Patriot ZRKni Ukrainaga o‘tkazishni ma’qulladi va qarorni tasdiqlash uchun parlament quyi palatasiga taqdim etdi. 

Iyun oyida Buxarest Ukrainaga ikkita Patriot tizimidan birini ittifoqchilar uni keyinchalik xuddi shunday havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bilan almashtirishi sharti bilan berishini ma’lum qildi. Umuman olganda, o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan mamlakatga NATOga a’zo mamlakatlardan beshta strategik havo mudofaa tizimi va’da qilingan. Bu haqda iyul oyida NATOning Vashingtondagi sammitida kelishuvga erishilgan edi. Uchta Patriot ZRK Germaniya tomonidan Ukrainaga topshirildi, va’da qilingan jarayonning oxirgisi 21 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. 

NATO Ukrainaga yordamni oshirmoqda 

Rossiyaning Ukraina hududiga qilgan ommaviy hujumlaridan so‘ng Shimoliy Atlantika alyansi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyor. Bu haqda 28 avgust kuni NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishidan so‘ng uning bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma’lum qildi.

«Ittifoqchilar Ukrainaga harbiy yordamni oshirayotganini tasdiqladilar, - dedi u. - Ukrainani Rossiyadan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va o‘q-dorilar bilan ta’minlashda davom etishimiz kerak». Shu bilan birga, alyans rahbari Kiyevga harbiy yuklarni ko‘paytirish mamlakat mudofaasini ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid