Jahon | 16:11 / 09.09.2024
8303
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Isroil zarbasi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi

Suriyaning markaziy qismida isroillik harbiylar yo‘llagan aviazarba oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Suriyadagi SANA davlat axborot agentligi.

Foto: Videodan kadr

Xabar qilishlaricha, zarbalar Suriyadagi besh nishon bo‘ylab yo‘llangan, jumladan Masiafdagi harbiy institutga ham. Bu yerda kimyoviy qurollar qo‘llash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Agentlik shifoxona direktoriga tayanib, yakshanba kuni kechqurun Hama viloyati Masiaf shahri chekkasiga qilingan hujum oqibatida yana 43 kishi yaralangani haqida ma’lumot bergan.

Avvalroq Britaniyadagi Suriyada Inson huquqlariga rioya etilishini kuzatish markazi (Suriya ichkarisida manbalarning keng tarmog‘iga ega SOHR) «Eron ta’siridagi guruh a’zolari hamda qurol ishlab chiqarish bo‘yicha ekspertlar bo‘lgan Masiafdagi ilmiy-tadqiqot markazi joylashgan hududda» 13 marta kuchli portlash eshitilgani va yetti kishi halok bo‘lgani (to‘rt nafar harbiy hamda tinch aholi vakillaridan uch kishi), shuningdek 15 kishi yaralangani haqida xabar bergandi.

SANA suriyalik harbiylardan biriga tayanib, Livan shimoli-g‘arbidagi hududlar ustida uchgan Isroil samolyotlari mahalliy vaqt bilan yakshanba kuni soat taxminan 23:20 da «markaziy hududlardagi qator harbiy obektlar»ga zarba yo‘llagani haqida xabar bergan. «Bizning havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz bir necha raketani urib tushirdi», — deya qo‘shimcha qilgan harbiy manba.

Isroillik harbiylar xorij nashrlarida tarqalgan xabarlarni izohlamasligini bildirgan. Ammo avvalroq TsAHAL Suriyadagi nishonlar bo‘ylab yo‘llangan yuzlab zarbalar uchun javobgarlikni zimmasiga olgandi, isroillik harbiylarning fikricha, bu nishonlar Eron hamda unga ittifoqchi qurolli guruhlarga aloqador bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, G‘azodagi urush boshlanganidan buyon «Hizbulloh» hamda Livan va Suriyadagi boshqa guruhlarning Isroil shimoliga hujumlari tufayli Isroilning chegaradan tashqaridagi hududlarga javob zarbalari miqdori ortgan.

1 aprel kuni Isroil Eronning Damashqdagi konsulxonasi binosiga zarba yo‘llagandi. Natijada yetti kishi, jumladan eronlik ikki general halok bo‘lgandi. Isroil hukumati hodisa uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Eron hujum «javobsiz qolmasligi»ga va’da bergan, ammo yakunda Tehron Isroil bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba yo‘llamaslikka qaror qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid