Germaniya barcha quruqlik chegaralarida vaqtinchalik nazoratni joriy qilyapti
16 sentabrdan boshlab Germaniyaning Fransiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Belgiya va Daniya bilan quruqlikdagi chegaralarida chegara nazorati joriy etiladi.
Germaniya Ichki ishlar vazirligi Yevropa komissiyasini 16 sentabrdan boshlab Germaniya Fransiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Belgiya va Daniya bilan quruqlikdagi chegaralarida vaqtinchalik - olti oy muddatga ichki chegara nazoratini joriy etishi haqida xabar berdi. Bu haqda 9 sentabr, dushanba kuni Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. Shunday qilib, chegara politsiyasi Yevropa va milliy qonunchilikka muvofiq noqonuniy muhojirlarning mamlakatga kirib kelishi oldini oladi, deya ta’kidladi idora.
Ukrainadan kelgan 1,2 million urush qochqinlari va boshqa mamlakatlardan boshpana izlovchilarni qabul qilish tufayli mahalliy hokimiyatlarning joylashtirish, tayyorlash va integratsiya qilish imkoniyatlari cheklangan. Ushbu chora Germaniya xavfsizligini mustahkamlash, jumladan, terrorizm va transchegaraviy jinoyatlardan himoya qilishga qaratilgan.
Germaniya 2024 yil dekabridan keyin ham ayrim chegaralarida pasport nazoratini davom ettiradi
Germaniya hukumati Polsha, Chexiya, Avstriya va Shveytsariya bilan quruqlikdagi chegaralarda pasport nazoratini 2024 yil dekabridan keyin uzaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Maksimilian Kal 6 sentabr kuni Berlindagi DW muxbirining savoliga javoban aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer allaqachon, jumladan, yaqinda Gyorlits shahridagi Polsha-Germaniya chegarasiga tashrifi chog‘ida Germaniyaning tashqi chegaralarida nazoratni saqlab qolish zarurligini aniq aytgan.
Ichki ishlar vazirligi vakiliga ko‘ra, Germaniya politsiyasi noqonuniy migratsiya oldini olishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Xususan, 2023 yil oktyabr oyidan buyon Germaniyaning tashqi chegaralarida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga sheriklikda gumon qilingan 1350 ga yaqin shaxs qo‘lga olindi.
«Umumiy Yevropa boshpana taqdim etishga asoslanadigan sezilarli darajada mustahkamlangan umumiy Yevropa tashqi chegarani himoya qilish tizimi joriy etilmaguncha, bu chegara nazorati zarur bo‘lib qolishi mumkin», dedi Ichki ishlar vazirligi vakili.
Biroq u Shengen kelishuvida ishtirok etuvchi boshqa davlatlar (Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg va Daniya) bilan chegaralarda pasport nazorati joriy qilinadimi, degan savolga javob bermadi. Ichki ishlar vazirligi mavjud vaziyatga qarab qaror qabul qiladi, deya qo‘shimcha qildi Maksimilian Kal.
Germaniya quruqlikdagi chegaralarini nazorat qilish Yevropa chempionati paytida joriy etilgan
Germaniya futbol bo‘yicha Yevropa chempionatiga mezbonlik qilgan 7 iyundan 19 iyulga qadar uning chegaralarining butun perimetri bo‘ylab pasport nazorati joriy qilingan edi. O‘shanda turnirning dastlabki ikki haftasida chegarada qidiruvda bo‘lgan 600 ga yaqin shaxs, shuningdek, o‘nlab futbol bezorilari va noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq bo‘lgan bir yuz ellik kishi qo‘lga olingan.
Iyul oyi o‘rtalarida Germaniya Ichki ishlar vazirligi vakili Kornelius Funke Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg va Fransiya bilan chegaralarda chegara nazorati bekor qilinishini, biroq Polsha, Chexiya, Shveytsariya va Avstriya bilan saqlanib qolishini bildirdi.
Mavzuga oid
17:52 / 04.12.2024
Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy davlat chegarasini delimitatsiya qilishni yakunladi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
14:41 / 04.12.2024
O‘zbekiston Germaniyada mehnat migratsiyasi bo‘yicha vakolatxona ochadi
10:50 / 04.12.2024