Iqtisodiyot | 14:05 / 12.09.2024
1961
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 12 sentabrda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank rasmiy press reliziga ko‘ra, umumiy inflatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z o‘rnida, yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.

“Yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilib, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi.

Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Regulyator tahlillariga ko‘ra, bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu, o‘z navbatida, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi.

Markaziy bank kelgusida ham iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, deb hisoblamoqda.

“Davlat budjeti xarajatlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlasa, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sentabr-oktyabr oylarida pensiyalar va budjyet tashkilotlarida ish haqilari oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qiladi”, - deyiladi regulyator press relizida.

Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11-12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqilarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12-13 foizni tashkil qildi.

Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.

“Inflatsiyani yil yakuniga qadar belgilangan prognoz darajasigacha pasaytirish asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining joriy nisbatan qat’iy darajasining saqlab qolinishi ta’sirida iqtisodiyotda shakllanadigan yuqori jamg‘arish faolligi va milliy valutadagi depozitlar jozibadorligi yalpi talabning muvozanatlashuviga va inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda”, - deyiladi xabarda.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etishini bildirgan. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi hamda inflyatsion omillarning shakllanishidan kelib chiqib qarorlar qabul qilinadi.

Regulayator Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 24 oktyabrga belgilanganini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilagandi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushdi. Regulyator inflatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib shu qarorga kelgani ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid