Jamiyat | 10:06 / 12.09.2024
8796
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda gaz portlagan «dom» aholisi evakuatsiya qilinmoqda

Samarqand shahridagi turar joy binosida portlash sodir bo‘lgan ko‘p qavatli uy yashash uchun yaroqsiz, deb topilgan va uyda istiqomat qiluvchilar ko‘chirilmoqda. Uyning bir qismi buzib tashlanib, qaytadan qurilishi aytilmoqda.

9 sentabr, dushanba kuni soat 17:30 lar atrofida Samarqand shahri Beruniy ko‘chasida joylashgan 9 qavatli 86-turar joy uyidagi xonadonlaridan birida gaz portlagani xabar qilingandi.

Kun.uz’ga hodisaning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, portlash yuz bergan xonadonda egasi o‘sha kuni AQShdan kelgan, biroz dam olgach, yuvinish uchun vannaga kirgan. Uzoq vaqt mobaynida hech kim yashamagan xonadonga gaz sizib chiqib to‘plangan va xonadon egasi buni sezmagan. 50 yoshlar atrofidagi erkak vannadan chiqib, chiroqni yoqqan paytda xonadonda to‘planib turgan gaz portlagan. U 90 foizdan ortiq kuyish jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiylar voqeada yana bir kishi jarohatlanganini aytishmoqda. Baxtli tasodif tufayli hech kim halok bo‘lmagan. Tasdilanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 5 kishi.

Portlash natijasida uylardan sochilib chiqqan buyumlar, deraza bo‘laklari hech kimga zarar yetkazmagan. Faqat hovlida turgan bir avtomashinaning old oynasi singan. Gilamlar va boshqa buyumlar hovlidagi daraxtlar ustida osilib yotibdi.

1974 yilda qurilgan 9 qavatli ushbu uy uchta alohida bo‘lakdan iborat va zich qilib qurilgan. Ularning orasida seysmik chok bor. Portlash uyning o‘ng tomonidagi qismida o‘rta pod’yezddagi, 3-qavatda joylashgan xonadonda yuz bergan.

Portlash oqibatlari nihoyatda dahshatli. Ta’kidlab o‘tish kerakki, uy o‘sha paytda sifatli qilib qurilgan ekan. Yo‘qsa butun pod’yezd qulab tushgan bo‘lar edi.

Kvartiraning poli va shifti qulab tushgan. Ya’ni 2-qavat va 4-qavatlar orasidagi orayopma plitalar portlash to‘lqiniga dosh bermagan. Shuningdek, xonadonga qo‘shni pod’yezddagi yondosh kvartira o‘rtasidagi devor ham sochilib ketgan. Portlash sodir bo‘lgan xonadonning oshxonasi va hammomida yong‘in ham sodir bo‘lgani ko‘rinib turibdi.

Zarbdor to‘lqin shu daraja kuchli bo‘lganki, pod’yezddagi xonadonlarning temir eshiklari o‘rnidan otilib chiqqan, lift eshiklari ham joyidan qo‘zg‘algan.

Qo‘shni 5 qavatli turar joylardagi xonadonlarning derazalari ham portlash to‘lqini sabab sochilib ketgan. Biz voqea joyiga borganimizda zarar ko‘rgan xonadonlarga deraza o‘rnatib berilayotgan ekan.

Gaz portlashi oqibatida ko‘p qavatli uyga jiddiy shikast yetgan. Binoning mustahkamligi izdan chiqqan. Arzimagan kuchga ega zilzila tufayli ham “dom” qulab tushishi mumkin. Uylardan qisirlagan turli ovozlar kelmoqda ekan. Shu sababli bugun 11 sentabr kuni ko‘p qavatli uydan odamlar to‘liq chiqarilmoqda.

86-uyning bu qismida uchta pod’yezdda 48 ta xonadon bor ekan. Uyning birinchi qavati noturar bo‘lib, do‘konlar bo‘lgan. Endi qo‘shimcha uyi borlar o‘z uylariga, xonadonsiz qolganlar Qorasuv massivida qurilgan yangi uylarga vaqtinchalik ko‘chirilmoqda. 86-“dom”ning uchdan bir qismi buzilib, o‘rniga yangi 9 qavatli uy qurib beriladi.

Mas’ullardan birining bildirishicha, portlash kuchining bu darajada yuqori bo‘lishi va uyning tiklab bo‘lmas zararlanishiga xonadon egalarining loyihadan chetlashgan holda o‘zboshimchalik bilan balkonlarni berkitib olishlari ham sabab bo‘lgan. Bunday noqonuniy qayta qurishlar uyning ventilyatsiya tizimiga ta’sir o‘tkazadi, konstruksiyalarga qo‘shimcha yuk tushishiga olib keladi.

Eng xarakterlisi, biz borgan chog‘imizda “dom”ning birinchi pod’yezdida yong‘in sodir bo‘ldi. Elektr shitiga o‘t ketdi. Bu domga ikki tomondan zich qilib qo‘shimcha binolar qurilgan, shu sababli o‘t o‘chirish mashinasi hovliga kira olmasdan qiynaldi. Yaxshiyamki, o‘t uchiruvchilar idorasi yuz metr narida joylashgan. Zudlik bilan yetib kelishdi.

Xullas, portlash yuz bergan uyning bir qismi butunlay butunlay buzib tashlanib, davlat tomonidan boshqatdan qurib beriladi. Ayni paytda shu paytgacha yashab kelgan oilalar o‘z xonadonlaridan gilamlar, mebellar va maishiy texnikalarni tashib ketishmoqda.

Qayd etib o‘tish joizki, voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,
Jahongir Aliboyev.
Kun.uz

Mavzuga oid