Jahon | 12:06 / 13.09.2024
6082
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Harris debati qanday o‘tdi? Tahlilchilar fikri

Sobiq biznesmen va sobiq prokuror – AQSh prezidentligiga ikki nomzod iqtisodiyot, migratsiya, G‘azo va Ukrainadagi urushlar haqida turlicha pozitsiyalarga ega. Bu ular o‘rtasidagi birinchi va oxirgi debat bo‘lishi mumkin. “Geosiyosat” butun dunyo e’tiborini tortgan bahs haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilarni studiyaga taklif etdi.

Suhbatni boshlashdan oldin Kamala Harrisga to‘xtalsak. Kutilmaganda nomzodga aylangan Harris saylovchilar ishonchiga qanchalar kira oldi?

Sayfiddin Jo‘rayev: Harrisning obro‘yi kundan kunga ortib bormoqda. Bayden chiqib ketganidan keyin demokratik partiya nomzodi saylov uchun xayriya mablag‘larini bir necha barobarga oshirdi. Bu pul aslida saylovchilarning puli hisoblanadi. Buni oshirish albatta tahsinga loyiq ish. Ko‘pchilik Harrisni omma oldida o‘zini tuta olmaydi deb hisoblaydi. Erkin kulishi yoki raqiblariga tez tashlanishini ko‘pchilik tanqid qiladi. Ammo oxirgi debatda Harris o‘zini ancha bosiq tutdi va Trampdan bir pog‘ona oldingi o‘ringa chiqdi deyish mumkin.

Islomxon G‘afforov: Harris debatlarning boshida ozroq hayajonga berilgan bo‘lsa ham, debatlar oxiriga kelib uning reytinggi ancha oshib ketdi. Hatto Kamala Harrisni AQSh prezidenti deb ham atashmoqda, vaholanki, Jozef Baydenning prezidentlik muddati 2025 yil yanvargacha davom etadi. U o‘zini ommaga ko‘rsatishga harakat qilmoqda va bu debatlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘tmishda prokuror bo‘lib ishlagani unga katta tajriba bo‘lgan. Debatni kuzatgan AQSh OAV xodimlari bu debatda Harris g‘olib bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Ammo nazarimda, kuchlar teng hozircha. Mahalliy matbuot demokratlar partiyasini ko‘proq qo‘llab-quvvatlayotgandek. Harrisning yaqqol g‘alabasi haqidagi xulosalarning yangrashiga ham shu sabab bo‘lsa kerak.

Ko‘tarilgan iqtisodiy masalalar borasidagi fikrlaringiz qanday?

Shuhrat Rasul: Demokratlar va Tramp tomonidan taklif qilinayotgan iqtisodiy loyihalar bir-biriga qarama-qarshi. Trampda iqtisodiy konsepsiya yo‘q. U barcha mahsulotlarga 20 foiz boj o‘rnatish orqali Amerika iqtisodiga qo‘shimcha daromad olib kirishni maqsad qilgan. Bu bojlar hatto Yevropaga ham taalluqli bo‘ladi. Shundan Amerika 300 mlrd dollar foyda ko‘rishni rejalashtirgan.

Kamala taklif qilayotgan iqtisodiy dastur esa o‘rta qatlam manfaatini himoya qilishga qaratilgan. Demokratlar 20 foizlik boj hisobiga Amerikaga kirib keladigan tovarlar narxi oshishi, bu oxir-oqibat yakuniy iste’molchining zimmasiga tushishini ta’kidlamoqdalar. Chunki ko‘plab sohalarda AQSh sanoati Xitoy bilan narx borasida raqobat qilolmayapti. Agar Trampning loyihasi amalga oshsa, Amerikada narx-navo oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Va bu tomondan respublikachilar demokratlarga yon berishga majbur.

Migratsiya bo‘yicha haqida fikrlar yangradi?

Islomxon Gaffarov: Amerika jamoatchiligi migrantlar masalasida asosan ikki guruhga bo‘linadi. Bir guruhi Amerika migrantlarni qabul qilib, jahonda kechayotgan masalalarga faol aralashuvini xohlashsa, ikkinchi guruh buning teskarisini xohlaydi – ular uchun avvalo Amerikaning o‘z fuqarolari ishli va uyli bo‘lishi kerak. Tramp ikkinchi guruh manfaatlarini himoya qiluvchi vakil.

Shuhrat Rasul: Tramp migrantlar masalasida gapirar ekan, ular Amerikada itlar va mushuklarni yeb kun kechirishmoqda dedi. Ammo hech bir Amerika OAV bu haqda asosli ma’lumot bermagan edi. Bu ham Trampning migrantlar masalasida demokratlarga yutqazganini bildiruvchi eng katta misollardan biri bo‘ldi.

To‘liq suhbat bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

NormuxammadAli Abdurahmonov suxbatlashdi.

Mavzuga oid