Faqat migratsiya emas: Olaf Shols bilan nimalar muhokama qilindi?
Germaniya kansleri Olaf Shols 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib, keyin Qozog‘istonga jo‘nab ketdi. Kun.uz muxbiri bu tashrifdan ko‘zlangan maqsadlar va Ostonada o‘tadigan MO–Germaniya sammiti xususida siyosiy tahlilchilar O‘ktam Biturayev va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
O‘ktam Biturayevga ko‘ra, Sholsning kelishidan asosiy maqsad – iqtisodiyot. Muhokama mavzularini to‘rtga asosiy yo‘nalishga bo‘lish mumkin: Afg‘oniston, transport-logistika, migratsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik, deydi u.
Nemis OAVga ko‘ra, Germaniya Afg‘onistondan qochib borgan migrantlarni o‘z yurtiga deportatsiya qilishni rejalashtiryapti va buni tashkillashtirishda O‘zbekiston bilan hamkorlikka umid bog‘lamoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishni istaydi va Germaniya bilan bu borada bitim imzolandi. O‘ktam Biturayevga ko‘ra, nemis sanoatining 53 foizi kadrlarga muhtoj va davlatda bugun 400 mingdan ortiq ochiq vakansiyalar bor. Bu o‘rinlarni xorijlik ishchilar bilan to‘ldirish siyosati boshlangan. Yaqinda Keniya bilan ham xuddi shunday shartnoma imzolangan.
Ayni paytda, Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Rossiya va Xitoy ta’siri ortib borayotgan mintaqada geosiyosiy balans muhim hamda mana shu balansni Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirish Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga mos keladi. Germaniya O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat eng salbiy nuqtaga yetgan vaqtlarda mamlakatni keskin tanqid qilgan G‘arb davlatlarida qatorida emasdi, doim mintaqa bilan dialog tarafdori bo‘lib kelgan, deydi u.
Rabbimovga ko‘ra, Germaniya energetik jihatdan Rossiyadan uzilish Germaniya iqtisodiyotiga qimmatga tushdi. Bugungi kunda GFR Markaziy Osiyo bilan energetika, iqtisodiy va geosiyosiy masalalar bo‘yicha hamkorlikka katta e’tibor qaratmoqda.
Siyosatshunos Biturayevning qo‘shimcha qilishicha, nemis sanoati dunyoda sifat nuqtayi nazaridan oldingi o‘rinlarda turadi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistonning texnologik importi ro‘yxatida Germaniya Xitoy, Koreya kabi davlatlardan orqada. Tashrif davomida texnologik mahsulotlar savdosi bo‘yicha hamkorlikni qayta jadallashtirish masalasi ham ko‘rilgan.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning iltimosi bilan Shols Markaziy Osiyoning besh rahbaridan Kiyev taklif qiladigan navbatdagi tinchlik sammiti tashabbuslarini qo‘llashni ham so‘rashi mumkin. Qayd etish lozim, bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Suhbatdoshlarning to‘liq fikrlari bilan video orqali tanishishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:10
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
10:00
GSDP yana Olaf Shols nomzodini GFR kansleri lavozimiga taklif qiladi
13:43 / 21.11.2024
Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi
21:36 / 20.11.2024