Jahon | 00:16 / 30.09.2024
3492
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya hukumati Rossiya bilan chegaraga panjara qurish haqida o‘ylamoqda

Norvegiya hukumati «qisqa muddat ichida» chegarani yopishga tayyor - bu noqonuniy migratsiyaning oldini olishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Foto: Reuters

Norvegiya hukumati xuddi Finlandiya kabi Rossiya bilan chegaraga panjara qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat adliya vaziri Emili Enger Melga tayanib, NRK xabar berdi.

Finlandiya hukumati 2022 yilda Rossiya bilan chegaraga panjara qurishga qaror qilgandi — bu mamlakat xavfsizlikka oid vaziyatning o‘zgarishi sabab amalga oshirilayotgani aytilgan. 2023 yil sentabrda panjaralar o‘rnatilgan 3 kilometrli birinchi hudud ochilgan edi. Noqonuniy muhojirlar oqimi ortib ketgach, Finlandiya o‘sha yilning o‘zida Rossiya bilan chegaradagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini yopgan va panjarani takomillashtirishga qaror qilgan edi. Rejaga muvofiq, uzunligi 200 kilometr, balandligi 3,5 metrga yetadigan panjara 2026 yil oxiriga qadar tayyor bo‘ladi.

«Ushbu chegara panjarasi nafaqat tutib qoluvchi omil sifatida faoliyat ko‘rsatishi bilan, balki u chegaraga yaqinlashgan odamlarni aniqlash imkonini beradigan datchik va texnologiyalar bilan ham jihozlanishi bilan ahamiyatlidir», — deydi Mel.

Adliya vazirining aytishicha, Norvegiya hukumati «qisqa muddat ichida» chegarani yopishga tayyor. Melning pozitsiyasini Finnmark provinsiyasi politsiya boshlig‘i Ellen Ketrin Xetta ham qo‘llab-quvvatlagan. Uning fikricha, bu noqonuniy migratsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

NRK’ning qayd etishicha, Norvegiya—Rossiya chegarasini kamdan kam hollarda noqonuniy kesib o‘tishadi: politsiyaning o‘tgan yilgi bayonotiga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri Norvegiyadan Rossiyaga noqonuniy ravishda uch kishi o‘tib ketgan.

Bundan oldin Norvegiya barcha ukrainaliklarga avtomatik ravishda boshpana berishni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Endi Ukrainaning g‘arbiy oblastlaridan kelgan qochqinlarning arizalari alohida ko‘rib chiqiladi. Mamlakat allaqachon 85 mingga yaqin ukrainalikni qabul qilgan. 

Mavzuga oid