Jahon | 12:53 / 02.10.2024
59073
12 daqiqa o‘qiladi

Eronning Isroil bo‘ylab raketa zarbasi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Eron seshanba kuni kechqurun Isroil bo‘ylab yopirilma raketa hujumi amalga oshirishga urindi. Hujum oqibatlari bo‘yicha ma’lumotlarga oydinlik kiritilmoqda. Tehron buni «Hizbulloh» va Hamas yetakchilari o‘limiga javoban qilganini bildirgan.

Eron raketalari Isroil ustida. TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, eronliklar 180 ga yaqin raketa uchirgan. Foto: Anadolu

Ijtimoiy tarmoqlarda Eron tomonidan uchirilgan, Iordaniya ustidan o‘tgan, urib tushirilgan yoki Isroil hududiga qulagan raketalar aks etgan ko‘plab videolar tarqaldi.

Mahalliy vaqt bilan soat 21:30 dan o‘tganida Isroil armiyasi xavf ariganini va bombapanagohlardan chiqish mumkinligini ma’lum qildi.

Isroillik harbiylarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, eronliklar 180 ta raketa uchirgan.

Ko‘p o‘tmay Isroil mudofaa armiyasi press-attashesi, kontr-admiral Daniel Hagari brifingda hozircha qurbonlar haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirgan. Hagarining so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida raketalar Isroil markazi va janubiga tushishi bilan bog‘liq bir necha holatlar qayd etilgan. Agentliklar tarqatgan xabarlarga ko‘ra, u oqibatlar haqida ma’lumot bermagan.

Isroil armiyasi press-attashesi bu hujum «oqibatlarga ega bo‘lishi»ni aytgan, ammo Isroil aynan qachon va qanday shaklda javob qaytarishiga aniqlik kiritmagan.

Jerusalem Post gazetasi Magen David Adom qutqaruv tashkiloti rahbariga tayanib, Tel-Aviv shimolidagi binoga va Isroilning boshqa bir qancha joylariga raketa kelib urilgani haqida xabar bergan.

Isroildagi «Gaarets» gazetasi Quddus va Tel-Avivda kuchli portlashlar ro‘y bergani, shuningdek Isroil markaziga hamda janubdagi Negev sahrosiga raketalar tushgani haqida xabar tarqatgan, ammo tafsilotlar ma’lum emas.

AQSh prezidenti ma’muriyati ma’lum qilishicha, prezident Jo Bayden amerikalik harbiylarga Isroilga zarbani qaytarishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha buyruq bergan. AQSh va boshqa ittifoqchilar joriy yil 13 aprelida ham Eronning yopirilma zarbalarini qaytarishda Isroilga yordam bergandi.

Eronning bayonoti

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi bu raketa zarbasi o‘tgan hafta oxirida Bayrutga yo‘llangan zarba oqibatida «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘lishi, shuningdek, iyul oyi oxirida Tehrondagi portlash oqibatida Hamas siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganiga (bunda ham Eron Isroilni ayblagan) javob ekanini bildirdi.

«Ismoil Haniya, Hasan Nasrulloh va Abbos Nilforushon shahid bo‘lishiga javoban biz sionistlar bosib olgan hududlar markaziga zarba berdik», deyiladi korpusning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirilgan bayonotida.

Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy ivrit tilida yozilgan tvitida Isroil bo‘ylab yangi va yanada kuchli zarbalar yo‘llashni va’da qilgan.

Shaxsini ochiqlashni istamagan eronlik mulozim Reuters agentligi bilan suhbatda Isroil tomonga raketalar uchirish bo‘yicha buyruqni aynan Oliy rahnamo berganini aytgan. Agentlik suhbatdoshi ayni vaqtda oyatulloh xavfsiz joyda ekanini aytgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ham X ijtimoiy tarmog‘idagi tvitida bu zarbadan maqsad Isroilga Eron mojaro istamasligi, ammo o‘z manfaatlari va fuqarolarini himoya qilishga tayyorligini ko‘rish ekanini yozgan.

Pizishkiyon Eron bu zarbada o‘z imkoniyatlarining faqat bir qismini namoyish etganini aytib, shunday ogohlantirgan: «Eron bilan mojaroga kirishmang!»

Raketa zarbasidan keyin Livan havo kengliklarini yopgan, Eron ham Tehrondagi aeroport faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

Livan transport vaziri Ali Hamiya X ijtimoiy tarmog‘ida mamlakat havo kengligi so‘nggi voqealar tufayli kamida ikki soatga yopilishini, parvozlarni tiklash yoki tiklamaslik bo‘yicha qaror keyinroq qabul qilinishini aytgan.

Jahon agentliklari Tehron xalqaro aeroporti rahbari Said Chalandoriyga tayanib xabar berishicha, aeroport noma’lum muddatga parvozlar uchun yopilgan.

Eronning zarbasi isroilliklarning yangi yil bayramlari boshlanishi arafasida berildi: isroilliklar yangi yili Rosh xa-Shana bu yil 2 oktyabrdann 4 oktyabr kuni kechgacha nishonlanadi; 3-4 oktyabr kunlari dam olish kunlari bo‘ladi.

Jahondagi reaksiya

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken eronliklar zarbasini «qabul qilib bo‘lmaydigan» akt deb atadi va butun dunyoni buni qoralashga chaqirdi.

«Dastlabki ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Isroil Qo‘shma Shtatlar va boshqa hamkorlar ko‘magida bu hujumni samarali qaytardi», — deya qo‘shimcha qilgan Blinken.

CNN telekompaniyasi amerikalik harbiylar orasidagi manbasiga tayanib, Eron raketalarini tutib olishda Isroil havo hujumidan mudofaa tizimidan tashqari Amerikaning O‘rta Yer dengizining sharqiy qismida joylashtirilgan uchta esminetsi ham ishtirok etgan.

Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan jurnalistlarga Isroil ittifoqchilar yordamida bu hujumdan qurbonlarsiz o‘tganini aytgan. Sallivan isroilliklar kabi Eronga jiddiy oqibatlar bilan tahdid qilgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer seshanba kuni kechqurun telefon orqali Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda Iordaniya qiroli Abdulla II bilan muloqot qilgan.

Dauning-strit matbuot xizmatiga ko‘ra, Starmer Netanyahu bilan suhbatda Britaniya bundan keyin ham Isroil va uning aholisi xavfsizligini ta’minlashda yordam berishda davom etishiga ishontirgan, shuningdek Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Fransiya bosh vaziri Mishel Barne Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv ehtimoli haqida gapirgan.

«Men shu yerda — hozir kechqurun soat 7:16 — Yaqin va O‘rta Sharqda vaziyat yomonlashayotgan, eskalatsiya va hujumlar kuzatilayotgan, Eron va Isroil o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaro yaqinlashayotgandek tuyulayotgan pallada gapiryapman», — degan Barne Fransiya parlamentida chiqish qilib.

Germaniya TIV rahbari Annelena Berbok X ijtimoiy tarmog‘ida Eron raketa zarbasi butun mintaqani jarlikka yetaklashi haqida yozgan.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Hamas guruhi Isroil bo‘ylab zarbalarni olqishlab, buni xuddi Tehrondagilar kabi «qahramon shahidlar qoni uchun qasos» deb atagan.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, Iroqdagi Eron ta’siridagi guruhlar agar Eronga zarba beriladigan bo‘lsa, AQShning ushbu mamlakatdagi bazalari bo‘ylab yangi zarbalar yo‘llash bilan tahdid qilgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterish Eronning Isroil bo‘ylab zarbasi yuzasidan bayonotida Yaqin Sharqdagi mojaro kengayishiga olib boruvchi harakatlarni qoralagan va navbatdagi marta o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

AQSh ogohlantirgandi

Seshanba kuni avvalida AQSh prezidenti ma’muriyati vakillaridan biri anonimlik sharti bilan AQShdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron yaqin vaqtlar ichida Isroilga ballistik raketalar bilan hujum qilishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Oq uy vakili bergan xabar seshanba kuni ko‘plab agentliklar va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatildi.

«Qo‘shma Shtatlar Eron yaqin vaqtlar ichida Isroilga ballistik raketalar bilan hujum qilishga tayyorlanayotganini ko‘rsatuvchi ma’lumotga ega. Biz Isroilni ushbu hujumdan himoya qilish uchun faollik bilan mudofaa choralarini ko‘ramiz. Eronning Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli hujumi Eron uchun jiddiy oqibatlarga ega bo‘ladi», — deya uning so‘zlarini keltirgandi Amerikadagi CBS telekompaniyasi.

Joriy yil 13 apreliga o‘tar kechasi ham Eron Isroil bo‘ylab havo hujumi amalga oshirgandi, keyinroq Isroil armiyasi hujumda 170 ta dron, 30 ta qanotli raketa va 120 ta ballistik raketadan foydalanilganini ma’lum qilgan.

Isroillik va amerikalik harbiylar havodagi nishonlarning 99 foizi urib tushrilganini aytgandi. O‘shanda hujumni qaytarishda Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlariga AQSh, Buyuk Britanii, Fransiya va Iordaniya ham yordam bergandi.

Ballistik raketalarning ayrimlari Isroil janubidagi Nevatim aviabazasiga yetib kelgandi, ammo isroillik harbiylar zarbalar oqibatidagi shikastlanish darajasi juda kichikligi va baza faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan.

Bu zarbalar Islom respublikasining Damashqdagi konsulxonasiga yo‘llangan aviazarbaga javob ekani ma’lum qilingandi, Tehron Suriya poytaxtiga hujum uchun Tel-Avivni ayblagan. Isroil hukumati o‘z odatiga ko‘ra bunday amaliyotlardagi ishtirokini tasdiqlamaydi va rad etmaydi ham.

Icroil aholisi raketa hujumi vaqtida Tel-Aviv va Quddusni bog‘lovchi avtoyo‘l chetida yashirinmoqda, 2024 yil 1 oktyabr
Ohad Zwigenberg / AP / Scanpix / LETA

Ramziy zarba va Eron raketalari noaniqligi
Pavel Aksyonov, BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi

Eronning Isroil bo‘ylab raketa zarbasi ko‘lami bo‘yicha 13 aprel kungi hujumni eslatib yuboradi. O‘shanda Eron, shuningdek Suriya, Livan va Iroq hududlaridan uchirilgan raketa va dronlar soni 300 dan oshgandi. Ularning 99 foizi urib tushirilgani aytilgandi. Bunda Isroilga AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Iordaniya yordam bergandi.

Shu bilan birga, o‘shanda urib tushirilmagan raketalarning aksari shunchaki nishonga yetib bormagandi. Hujumdan bir necha oy o‘tib e’lon qilingan tadqiqotda aytilishicha, Eron raketalarining mo‘ljaldan og‘ish masofasi 1,2 kilometrni tashkil etgan.

Endilikda, Reuters agentligi Isroil rasmiylariga asoslanib xabar berishicha, Eron ikki to‘lqinda 200 ga yaqin raketa uchirgan.

Agar bu dastlabki ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, bu safar Isroil va uning ittifoqchilari raketa zarbalarini qaytarishi yanada osonroq bo‘ldi deyish mumkin.

Eron xatolardan saboq chiqarishi mumkin edi, ammo qisqa muddat ichida bu qadar ko‘p miqdordagi raketalarni takomillashtira olmasdi.

Aprel oyidagi hujum natijasi, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, Eronni qoniqtirgandi, Tehrondagilar o‘z raketalari Isroil osmonida paydo bo‘lishi faktining o‘zini muvaffaqiyat deb atagandi. Birinchi oktyabr kungi hujum ham Isroilda vayrongarchiliklarga olib kelmagan bo‘lishi mumkin, ammo baribir Eron propagandasida qoniqish hosil qiladi.

Ko‘plab xalqaro sharhlovchilar Tehron hamon Isroil Eronning mintaqadagi asosiy ittifoqchilaridan biri, Livandagi «Hizbulloh» guruhiga yo‘llagan zarbalari va guruh rahbariyatini yo‘q qilishiga noodatiy tarzda bosiqlik bilan qarab kelayotganini qayd etishgandi.

Dushanba kuni, «Hizbulloh» obektlari bo‘ylab bir necha kunlik shiddatli aviazarbalardan keyin Isroil armiyasi Livan janubiga kirib, guruhning Livan janubidagi qishloqlarda joylashgan pozitsiyalari va obektlariga qarshi «cheklangan, lokal va aniq maqsadi quruqlik reydlari» o‘tkazilishini e’lon qildi.

«Bu nishonlar chegara yaqinidagi qishloqlarda joylashgan va Isroil shimolidagi obshinalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmoqda», — deyilgandi Isroil mudofaa armiyasi bayonotida.

Mavzuga oid