Iqtisodiyot | 07:30 / 02.10.2024
3685
2 daqiqa o‘qiladi

Sentyabr oyi uchun inflatsiya darajasi ma’lum qilindi

Sentyabrda inflatsiya 1,23 foizni tashkil etdi. Mol va qo‘y go‘shti yil boshidan buyon 11,3 - 11,9 foizga, dorilar qariyb 25 foizga qimmatlashdi.

O‘zbekistonda 2024 yil sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, inflatsiya 1,23 foiz darajasida qayd etildi.

Statistika agentligi xabariga ko‘ra, yillik inflatsiya (2023 yil sentabridan) deyarli o‘zgarmadi — 10,46 foiz (bir oy avval 10,47 foiz edi), yil boshidan (yanvar-sentabr) esa narxlar o‘rtacha 6,77 foizga oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan oyda o‘rtacha 1,4 foizga oshdi (yillik hisobda — 2,4 foizga o‘sish). Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foizga (8,4 foiz), pulli xizmatlar narxi 1,5 foizga (28,7 foiz) oshdi.

Go‘sht narxi yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda: mol go‘shti — 3,1 foizga (avgust oyida — 5,3 foiz), qo‘y go‘shti — 2,8 foizga (avgust oyida — 4,9 foiz) qimmatlashdi. Yil boshidan buyon mol go‘shti narxi 11,3 foizga, qo‘y go‘shti narxi esa 11,9 foizga oshdi.

Dori-darmonlar narxi o‘sishda davom etmoqda, sentabr oyida u 1,2−1,9 foiz (yil boshidan — 24,7 foiz) oralig‘ida oshdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, metan oyiga 0,5 foizga (yil davomida — 35,8 foizga), benzin — 0,2−2,4 foiz oralig‘ida yoki o‘rtacha 0,8 foizga (+13,8 foiz) qimmatlashdi.

Mavzuga oid