Jahon | 21:27 / 03.10.2024
16769
8 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” Vahan koridorini ochmoqchi. Bu qanchalik real?

Eron Hirotga temiryo‘l qurmoqda, Turkmaniston TAPI loyihasiga qaytgan. Ayni paytda, “Tolibon” qo‘shnisi Xitoyga bevosita chiqish uchun Vahan koridorini ishga tushirmoqchi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Anvar Yo‘ldoshev Nargiza Umarova Afg‘onistondagi geoiqtisodiy loyihalar va mintaqaviy tranzit raqobati haqida so‘z yuritdi.

Nargiza Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonning ichkarisigacha kirgan yagona temiryo‘l bu – O‘zbekiston tomonidan qurilgan Termiz – Mozori-Sharif temiryo‘li hisoblanadi. Bu temiryo‘l Afg‘onistonning tashqi savdosida muhim o‘ringa ega. O‘zbekiston bundan nafaqat o‘zaro savdo orqali, balki tranzit mamlakat sifatida ham foyda ko‘rmoqda.

Umarovaning qayd etishicha, Eronning Haf shahridan Hirotga temiryo‘l qurilishining to‘rtinchi bosqichi davom etyapti. Rossiya bilan hamkorlikdagi bu loyiha kelasi yildan ishga tushishi rejalashtirilyapti. Shuningdek, Turkmaniston toliblar bilan oxirgi yillarda faol aloqa o‘rnatmoqda. Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston (TAPI) gaz quvurlari koridorini ro‘yobga chiqarish ishlari jonlanib qolgan. Qozog‘iston esa, Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega bo‘lmasa ham, MO davlatlari orasida Kobul bilan eng yuqori savdo hajmiga ega davlat, deydi tahlilchi.

Anvar Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, janubiy qo‘shnimiz bilan hamkorlikka eng ko‘p qiziqish bildirayotgan davlatlardan biri – Xitoy. Pekinning Afg‘onistonga investitsiyalari hajmi ortib bormoqda. Xitoyning Gochin kompaniyasi Afg‘onistondagi katta litiy konlarini o‘zlashtirish maqsadida 10 mlrd dollar investitsiya kiritishni taklif qilgan. Litiy bugungi kunda elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishda zarur element hisoblanadi. Bu sarmoya Afg‘onistonning tabiiy boyliklaridan foydalanish orqali Xitoyning mintaqadagi ta’sirini kengaytirish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Afg‘oniston va Xitoyni bevosita bog‘lovchi Vahan koridorini ishga solish masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Afg‘onistonning Badahshon viloyatidagi bu tog‘li hududda hozircha zamonaviy avtomobil yo‘llari ham yo‘q: u yerdagi qishloqlarga ot yoki eshak kabi ulovda borishadi. Shu bilan birga, hududga yo‘l o‘tkazish uchun shag‘al yotqizish ishlari boshlab yuborilgan.

“Vahan koridori – Afg‘onistonning shimoli sharqidagi, eniga 50-57 km, uzunligi 300 km hudud. Tog‘li joy, yetib borish juda qiyin. Bir paytlar Buyuk ipak yo‘lining eng qiyin qismi bo‘lgan. Yevropaliklardan birinchi bo‘lib Marko Polo o‘tgan. Bu – Xitoydan boshlanib, Eron, Turkiya orqali Yevropagacha boradigan yo‘l. Lekin bunday relefli hududda yo‘l qurish juda ham murakkab bo‘ladi”, – deydi Anvar Yo‘ldoshev.

Nargiza Umarova ko‘zda tutilayotgan bu koridor nafaqat Xitoy va Afg‘oniston, balki Tojikiston va Pokiston manfaatlarini ham tutashtiruvchi nuqta ekanini aytadi.

“Hozirgi kunda Vahan mavzusini ko‘tarayotgan “Tolibon” hukumati uni jiddiy xalqaro marshrutga aylantirmoqchi. Bu koridorni ochish masalasi 2009 yil Xitoy tomonidan taklif qilindi, lekin buning koridorning ochilishini susaytiruvchi omillardan biri ham aynan Xitoyning o‘zi bo‘lishi mumkin. Chunki “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbuslari doirasidagi eng yirik, eng qimmat loyiha bo‘lmish Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridori mavjud bor. Vahan koridorining ochilishi bu loyihaga jiddiy zarba bo‘ladi.

Xitoy ko‘plab davlatlarni Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridoriga jalb qilishga harakat qilyapti. Bu loyihaga O‘zbekiston deyarli qo‘shildi. Negaki biz eng ko‘p umid qilayotgan transafg‘on temiryo‘li aynan mana shu loyihaga bog‘lanadi: Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar marshrutidan keyin Pokistonning avtomobil va temiryo‘llari foydalangan holda an’anaviy Karachi va nisbatan yangi Gvadar portlariga chiqamiz. Bu yo‘ldan nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham foydalanadi.

Kelgusida Afg‘oniston Vahan koridori orqali bevosita Xitoyga chiqa olsa, tashqi savdoda Pokiston tranzitiga bog‘liqligini sezilarli kamaytiradi. “Tolibon” hukumatining maqsadi ham shu. Afg‘oniston va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlari juda ham intensiv rivojlanyapti: Afg‘oniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilgi o‘zaro savdo 1,3 mlrd dollarga yetgan. Xitoy – Afg‘onistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri”, – deydi Umarova.

Uning aytishicha, Xitoy hukumati 2009 yildan boshlangan dastlabki o‘rganishlari natijasida, Vahan koridorining relefi juda murakkabligi, hudud dengiz sathidan deyarli 5 ming metr balandlikda joylashgani, u yerda tranzitni tashkil etish juda qimmatga tushishi sababli loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelgan.

Qolaversa, Xitoy tomoni xavfsizlik faktorini ham inobatga oladi. Uyg‘ur separatizmi, Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan terrorchilik guruhlari shular jumlasidan.

Shu tariqa, Nargiza Umarovaning aytishicha, Xitoy Vahan koridorini ishga solishda uchta to‘siqni ko‘rmoqda: asosiy loyiha sifatida katta sarmoya kiritilayotgan Xitoy–Pokiston yo‘lagi, noqulay relef tufayli xarajatlarning katta bo‘lishi va xavfsizlik omili.

Lekin bu koridor ochilishidan manfaatdor boshqa tomonlar ham bor, masalan Eron va Tojikiston. “Tojikistonning Afg‘onistonga nisbatan pozitsiyasi yumshasa va Vahan bo‘yicha tashabbus bildirsa, bu Tojikistonning Markaziy Osiyo tranzit tizimidagi o‘rni keskin oshadi. Bu qaysidir ma’noda biz uchun raqobat, chunki muqobil transport marshruti paydo bo‘ladi. Tasavvur qiling, Tojikiston Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olsa, yoki Afg‘oniston Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olsa,A hozirgi kunda Markaziy Osiyo orqali, jumladan Qozog‘iston, O‘zbekiston yoki Turkmaniston orqali o‘tadigan barcha tranzit marshrutlariga raqobat paydo bo‘ladi.

Shu kecha-kunduzda Vahan koridori – amalga oshishi eng sust bo‘lgan loyihalardan biri. Lekin ishonamanki, Xitoy Vahan masalasida sukut saqlab turibdi. “Tolibon” delegatsiyasi bir necha marta Xitoyga taklif etilganida, ular kun tartibiga kiritishni istagan asosiy masalalardan biri – Vahan koridori bo‘ldi”, – deydi Nargiza Umarova

Suhbat davomida tahlilchilar Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston gaz quvurlari loyihasi (TAPI) hamda Afg‘onistondagi xalqaro loyihalarning xavfsizligi masalalariga ham to‘xtalib o‘tishdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid