Fan-texnika | 10:00 / 09.10.2024
1891
8 daqiqa o‘qiladi

Xavfli operatsiya: Yuz ko‘chirib o‘tkazish nima uchun ommalashmagan?

O‘tgan yigirma yil ichida 50 nafardan kam bemorda yuz transplantatsiyasi o‘tkazildi. Qachon odamlarga bunday murakkab jarrohlik amaliyoti kerak, uning xavf-xatarlari nimalardan iborat?

Foto: today.com

2024 yil sentabr oyida JAMA Surgery ilmiy jurnalida dunyodagi dastlabki 50 ta yuz ko‘chirib o‘tkazish amaliyotiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda mualliflar operatsiyadan yillar o‘tgach bemorlar ahvoli qanday o‘zgarganini va nima sababdan hamma ham o‘z transplantatlari va hayotini saqlab qola olmaganini bayon etgan.

Yuz transplantatsiyasi turli sabablar tufayli zarur bo‘lishi mumkin. Biroq ularning barchasi inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yuz to‘qimalari qattiq shikastlanib, ularni boshqa jarrohlik usuli bilan tiklash imkonsiz bo‘lgan holatlardagina yuzni ko‘chirib o‘tkazish taklif etiladi. Bunday amaliyotsiz yuz o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi: bemor ko‘zlari sog‘lom bo‘lsa-da, ko‘ra olmaydi, burun orqali nafas ololmaydi, ovqatlanish va gapirish imkoniyatidan mosuvo bo‘ladi.

Birinchi yuz ko‘chirib o‘tkazish jarrohligi 2005 yilda amalga oshirilgan, o‘shandan buyon bunday operatsiyalar soni kamida 50 taga yetgan (eng so‘nggi 51-chi holat yaqinda bajarilgani sababli yuqorida tilga olingan ilmiy maqolaga kiritilmagan; bu oxirgi holatda bemorga ko‘z ham ko‘chirib o‘tkazilgan).

Shifokorlar sabablarni uch guruhga ajratadi:

  • kuyish — 11 ta holat;
  • jarohat — 29 ta holat;
  • o‘sma — sakkizta holat.

Kuyishlar

Bemorlardan biri amerikalik ayol sobiq erining hujumi oqibatida kimyoviy kuyish jarohatini olgan. Boshqa bir amerikalik cherkovni bo‘yayotganda elektr toki urishidan qattiq kuygan.

Jarohatlar

Yuzi (aniqrog‘i, uning bir qismi) ko‘chirib o‘tkazilgan birinchi bemorni o‘zining labrador iti tishlab olgan. U dori ichib hushidan ketganida it uni tirnab uyg‘otishga uringan.

Bemorlardan birinining turmush o‘rtog‘i o‘qotar qurol yordamida ayolni o‘ldirmoqchi bo‘lgan.

2006 yilda yuz ko‘chirib o‘tkazilgan xitoylik erkakka ayiq hujum qilgan.

Fransiyalik erkak pirotexnika portlashi oqibatida jarohat olgan.

O‘smalar

Uch nafar bemorda (Fransiya va Ispaniyadan) neyrofibromatoz kasalligi aniqlangan. Bu irsiy kasallik bo‘lib, butun tanaga o‘smalar tarqaladi. Bemorlardagi o‘smalar yuzlarini jiddiy ravishda deformatsiyalagan.

Ispaniyalik yana bir bemorda esa saraton kasalligini davolash natijasida yuzning pastki qismi qattiq shikastlangan.

Ikki kishining yuzi ikki marta ko‘chirib o‘tkazildi (va yanada ko‘proq bemorlar asoratlar tufayli yuz terisini qisman almashtirishga majbur bo‘ldi)

Bir holatda, ko‘chirib o‘tkazilgan a’zo yetti yildan keyin organizm tomonidan butunlay rad etilgani ma’lum bo‘ldi. Yangi yuz topilgach, jarrohlar birinchi ko‘chirib o‘tkazilgan a’zoni olib tashlab, boshqasini joylashtirdi.

Ikkinchi holatdagi vaziyat ancha xunukroq. Bemorga nafas yo‘llari infeksiyasi uchun muayyan vaqtda tayinlangan antibiotiklar ko‘chirib o‘tkazilgan yuzning rad etilishiga to‘sqinlik qiladigan davolanish usuliga mos tushmagan. Oqibatda, transplantatsiyadan olti yil o‘tgach, transplantat yuz ko‘chib tusha boshladi. Ko‘p o‘tmay shifokorlar uni joyida qoldirib bo‘lmaydi, degan xulosaga keldi, biroq o‘sha paytda mos donor topilmagan edi.

Shu sababli, transplantat olib tashlandi va uning o‘rniga avvaliga yupqa matriks — plyonka joylashtirildi. Bu plyonka, xususan, qandli diabet tufayli oyoqlarda paydo bo‘ladigan yaralarni qoplash uchun ishlatiladi. Ammo bu stafilokokk infeksiyasining rivojlanishiga olib keldi. Matriksni olib tashlashdi. So‘ngra jarrohlar yuzni son terisining bir qismi bilan qopladi. Shu vaqt mobaynida bemor steril boksda saqlandi. U ko‘ra olmas, mustaqil nafas olmas va ovqatlanmas edi.

Birinchi transplantat to‘liq olib tashlanganidan bir yarim oy o‘tgach, ikkinchi donor topildi.

Yuz ko‘chirish operatsiyasi faqat G‘arb mamlakatlarida emas, Xitoy va Rossiyada ham amalga oshirilgan.

49 bemordan 10 nafari vafot etdi. Bunday jarrohlik hanuzgacha ommalashmaganiga boshqa sabablar ham bor

Yuz transplantatsiyasi uchun bevosita yo‘llanma olgan odamlar soni 49 tadan ancha ko‘p. Biroq bunday operatsiyalarni zarur miqdorda o‘tkazishga to‘sqinlik qiladigan ko‘plab omillar mavjud.

Odamga biror a’zo ko‘chirib o‘tkazilganda, odatda, organizm begona to‘qimalarni rad etmasligi uchun bemor immunitetni pasaytiruvchi dorilarni umrbod qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lgan kasalliklar asosan ushbu immunosupressiv davolashning oqibati bo‘lgan deb taxmin qilinadi — yetti bemor saraton kasalliklari yoki yuqumli infeksiyalar tufayli vafot etgan.

Ammo yuz ko‘chirib o‘tkazilgandan keyingi muammolar jismoniy muammolar bilan cheklanib qolmaydi. Masalan, halok bo‘lganlardan biri o‘z joniga qasd qilgan, ikkinchisi esa shunchaki immunosupressiv terapiyani qabul qilishni to‘xtatgan va vafot etgan.

2024 yilda e’lon qilingan xalqaro tavsiyalarda shifokorlar transplantatsiya haqida qaror qabul qilishda insonning psixologik holati va uning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi qanchalik yaxshiligini hisobga olishi kerakligi aytilgan. Bu muhim, chunki ko‘chirma jarrohlikdan so‘ng inson oldingi hayotiga qaytmaydi: u reabilitatsiyadan o‘tishi (masalan, qaytadan gapirishni o‘rganishi), boshqalarning qiziquvchan nigohlariga dosh berishi va o‘zini hamda yangi qiyofasini qabul qilishga urinishi kerak. Bularni yolg‘iz amalga oshirish qiyin.

Yana bir yaqqol muammo — donorlar yetishmasligi. Hozirgina yaqinini yo‘qotgan oilalar bilan transplantatsiya masalasini muhokama qilish mushkul. Bundan tashqari, yuzni tanadan ajratgandan so‘ng uni to‘rt soat ichida yetkazib berish maqsadga muvofiq, aks holda to‘qimalar nobud bo‘ladi. Bu esa donor izlanadigan hudud masofasini cheklaydi.

Shu va boshqa sabablarga ko‘ra, yuz transplantatsiyasiga muhtoj odamlarning ko‘pchiligi operatsiyasiz yashashga majbur bo‘lmoqda. Bu oson hayot emas. Shifokor Kevin Fong o‘zining “ Ekstremallar. Chegarada” deb nomlangan maqolasida bir nechta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan jarroh Bogdan Pomahach (u JAMA Surgery jurnalida yuqorida aytib o‘tilgan maqolaning hammuallifi) bilan suhbatlashgan.

Jarroh bemorlardan biri jarrohlik amaliyotidan oldin shifokor bilan suhbatda “uning tashqi ko‘rinishiga nisbatan boshqalarning munosabatini his qilish juda og‘ir bo‘lishini” tan olganini aytib berdi:

U shovqinli qahvaxonaga kirib kelishi bilanoq, atrofda sukunat hukm surishini, odamlar uning huzurida pichirlab gaplasha boshlaganini sezadi. Bularning barchasini u juda chuqur his qiladi va iztirob chekadi. Ammo eng ko‘p xavotirga soladigan narsa, qizalog‘i ulg‘aygach, do‘stlarining savollariga javob berishga majbur bo‘lganda, uning holi ne kechishi haqidagi hayollar edi”.

Mavzuga oid