Jahon | 18:51 / 12.10.2024
5721
2 daqiqa o‘qiladi

Ashxoboddagi ko‘chaga prezidentni davolagan nemis shifokorining nomi berildi

1997 yilda Saparmurat Niyozov yuragini operatsiya qilgan nemis doktori sharafiga Ashxobod ko‘chalaridan biri nomlandi.

Foto: Turkmen.news

Turkmaniston poytaxti Ashxoboddagi 1970-sonli ko‘cha endi «Professor Hans Maysner prospekti» deb nomlanadi. Bu haqda Turkmaniston parlamenti 10 oktyabr kuni qaror qabul qildi, deb xabar berdi Turkmen.News.

Shu bilan birga, prezident Serdar Berdimuhamedov farmoni bilan yana besh nafar nemis shifokori «Maxtumquli Firog‘iy 300 yilligi» yubiley medali va «Arqadag‘» medali bilan taqdirlandi.

Qayd qilinishicha, nemis shifokori nomini olgan ko‘chada bir nechta tibbiyot muassasalari joylashgan: Xalqaro kardiologiya markazi, Xalqaro oftalmologiya markazi, Xalqaro ichki kasalliklar markazi va boshqalar.

Hans Maysner germaniyalik kardiojarroh bo‘lib, 1997 yilda Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurat Niyozovga koronar arteriya shuntirlash operatsiyasini o‘tkazdi. Keyinchalik uning sog‘lig‘ini kuzatib bordi. Niyozov professor Maysnerni milliy mukofot bilan taqdirladi va Ahalteke otini sovg‘a qildi. 2006 yilda Maysner Turkmanistonning birinchi prezidenti o‘limi sabablari bo‘yicha o‘z xulosasini televizor orqali e’lon qildi.

Serdar Berdimuhamedov farmoni bilan boshqa nemis shifokorlari - Iohan Engelbert Maysner, Gyunter Yakob Dom, Yansson Folkmar, Lizel Doris Haysserman-Mangold va Frits Vilgelm Volfgang Shpelsberg ham taqdirlandi.

Mavzuga oid