Jahon | 09:50 / 22.10.2024
6409
3 daqiqa o‘qiladi

NATO KXDRni Ukrainaga qarshi urushda qatnashishdan tiyilishga chaqirdi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Shimoliy Koreya askarlarining ishtirok etishi mojaroning kuchayishiga olib keladi, dedi NATO bosh kotibi.

Foto: François WALSCHAERs/AFP

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Shimoliy Koreyani Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga qo‘shin yubormaslik haqida ogohlantirdi. Bu «sezilarli keskinlashuvni anglatadi», deb yozdi u 21 oktyabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol bilan vaziyatni muhokama qilgan, unga razvedka yetkazgan ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 1500 nafar askarini yuborgan. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular hozirda Rossiya sharqida tayyorgarlikdan o‘tmoqda va keyin Ukrainadagi front chizig‘iga jo‘natiladi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi ham razvedka manbalariga tayanib, Pxenyan frontga «12 ming askardan iborat to‘rtta brigada, jumladan, maxsus kuchlar bo‘linmalarini» jo‘natmoqchi ekanini xabar qilgan edi.

18 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu ma’lumotlarni izohlar ekan, Ryutte alyansda Shimoliy Koreya askarlarining jangovar harakatlarda faol ishtirok etishi haqidagi tasdiqlangan axborot haligacha yo‘qligini aytdi. Biroq u Pxenyandan Moskvaga qurol, texnologiya va yangi ishlanmalar ko‘rinishida keng ko‘lamli yordam ko‘rsatilayotganiga ishora qildi, bu esa Ukraina hamkorlari orasida xavotir uyg‘otmoqda.

Pentagon KXDR qo‘shinlari Ukrainaga ehtimoliy yuborilishi haqidagi xabarlarni tahlil qilyapti

AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) paydo bo‘lgan xabarlar asosida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga Shimoliy Koreya harbiy kontingenti ehtimoliy yuborilishi imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi brigada generali Patrik Rayder kundalik brifingda aytdi.

Rayderning ta’kidlashicha, Pentagon Pxenyanning Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ko‘rgan, ammo ularning haqiqiyligini hali tasdiqlay olmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon bu masalani o‘rganmoqda va bu yo‘nalishdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.

«Agar bu ayblovlar rost bo‘lib chiqsa, bu Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib borayotganini anglatadi. Bu, shuningdek, Rossiyaning jang maydonidagi kuch nuqtayi nazaridan qanchalik og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatadi», — dedi u.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselda Yevropa Ittifoqi (YeI) yetakchilari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga Rossiya 10 mingga yaqin Shimoliy Koreya askarini janglarga jalb etishni rejalashtirayotganini aytgandi.

Mavzuga oid