Jahon | 14:30
865
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukraina uchun mablag‘ doirasida 18 mlrd yevro ajratishga tayyor

Germaniya Moliya vazirligi rahbari Yevropa Ittifoqi Kiyevga 18 milliard yevro ajratishiga ishora qildi va Vashingtonga taxminan 20 milliard dollar yuborishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun xalqaro kredit doirasida taxminan 18 milliard yevro ajratishga tayyor. Bu haqda Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner 22 oktyabr, seshanba kuni Nyu-Yorkka tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

«Biz bu hafta Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasida muvaffaqiyatga erishish arafasidamiz», — deya Lindner so‘zlarini keltirgan dpa agentligi.

Germaniya Moliya vazirligi rahbari Vashingtonning hissasi taxminan 20 milliard dollarni (taxminan 18,5 milliard yevro) tashkil etishi mumkinligi uchun AQShga minnatdorchilik bildirdi.

Iyun oyida «Katta yettilik»ning barcha davlatlari garov sifatida G‘arb mamlakatlarida muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘lardan foydalangan holda yil oxirigacha Ukrainaga umumiy qiymati 50 milliard dollar (46 milliard yevro) miqdorida kredit berishga tayyorligini tasdiqladi.

AQSh Ukrainaga 20 mlrd dollarlik yordam yuborishni rejalashtirmoqda

Qo‘shma Shtatlar o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga 20 milliard dollar (konvertatsiya qilinganda: 18,5 milliard yevro) miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. «Katta yettilik»ning 50 milliard dollarlik yordam paketiga shartli ravishda 20 milliard dollar hissa qo‘shishimiz mumkinligini aytmoqchiman», deya 22 oktyabr kuni AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa.

Bu Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromaddan Ukrainaga 50 milliard dollar ajratish bo‘yicha «Katta yettilikka» a’zo davlatlar iyun oyida erishgan kelishuvga ishora qiladi.

Yyellenning aniqlik kiritishicha, Kiyevga Amerika hukumati tomonidan qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror «99 foizga qabul qilingan». Bu boradagi yakuniy qaror shu hafta oxirigacha qabul etilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, AQSh moliya vaziri Ukrainaga ushbu moliyaviy yordam ko‘rsatish yuki amerikalik soliq to‘lovchilarga tushmasligini ta’kidladi. «Bu yordam uchun Rossiya to‘laydi», dedi Janet Yyellen.

Mavzuga oid