O‘zbekiston | 14:14 / 24.10.2024
1788
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi

Toshkent shahar hokimining qarori bilan yog‘ingarchilikda suv toshqinlari bilan bog‘liq qurilish-ta’mirlash ishlari uchun “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga 6 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Avvalroq davlat rahbari poytaxtning drenaj tizimi ishiga qat’iy e’tiroz bildirgandi.

Foto: Kun.uz

Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqovning 22 oktyabrdagi qarori bilan Toshkent shahar mahalliy budjetining 2024 yil III chorak yakunlari bo‘yicha orttirib bajarilgan qismi hisobidan shahar drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi.

Qayd etilishicha, pullar yog‘ingarchiliklar davrida suv toshqinlari bilan bog‘liq holatlarning oldini olish yuzasidan qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga taqsimlanadi.

Shuningdek, hujjatda drenaj tizimi uchun Toshkent shahar mahalliy budjetining 2024 yil davomida shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan 20 mlrd 400 mln so‘m ajratilgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda davlat rahbari kuchli yomg‘ir kuzatilganidan keyin, joylarda suv toshish holatlariga e’tiroz qilgandi. Prezident poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarning tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligini aytib o‘tgandi.

Bu bo‘yicha shahar hokimligi yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqadigan bo‘lgandi.

Bundan avvalroq esa Kun.uz ayni mavzuda hokimiyatning Raqamli rivojlanish departamenti direktor o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev bilan intervyu qilgandi. Mas’ul oxirgi 30 yildan beri Toshkentning drenaj tizimi qarovsiz qoldirilgani, buni 1-2 yilda soz holatga olib kelish qiyinligi, bu borada turkiyalik konsultantlar bilan hamkorlikda 25 yilga mo‘ljallangan master reja ishlab chiqilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid