O‘zbekiston | 21:17 / 25.10.2024
2555
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi

Shavkat Mirziyoyev bu yo‘l O‘zbekistonni Yevropa bilan bog‘laydigan strategik magistral ekanini ta’kidlab, endi mamlakatda xalqaro tashuvlar masofasi ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayishi, “A-380” xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshishini aytdi. Tadbirda Toshkent xalqaro aeroporti qarshisidagi yo‘l o‘tkazgich ham to‘liq ochildi.

25 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonda Qo‘ng‘irot–Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi. Toshkentda esa xalqaro aeroport qarshisidagi ko‘prik to‘liq ochildi. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘li O‘zbekistonni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistraldir. Lekin uzoq yillik qatnovlar, Orolbo‘yining keskin kontinental iqlimi tufayli yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Shu bois 2021-2024 yillarda 323 million dollarlik loyiha evaziga zamonaviy qilib qayta qurildi.

“Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Yana bir muhim jihati – “A-380” xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmati ta’kidiga ko‘ra, yo‘l jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. Yangi yo‘l atrofida 200 dan ziyod savdo-servis obekti va sanoat korxonasi paydo bo‘lishi kutilmoqda. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish o‘rni tashkil qilinadi. Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 mln dollarga, O‘zbekistonning eksporti esa kamida 300 mln dollarga oshishi uchun zamin yaratiladi.

Ushbu magistral yo‘l o‘tadigan To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy, Nukus, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi 1 milliondan ziyod aholi hayoti o‘zgaradi.

Prezident mazkur loyihada ishtirok etgan quruvchi va ishchilarga, Osiyo taraqqiyot bankiga, Turkiya, Ozarbayjon va xitoylik pudratchilarga, Janubiy Koreya va italiyalik konsultantlarga minnatdorlik bildirdi.

“Yo‘l va ko‘prik qurib, odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish eng savobli ishlar qatorida turadi”, – dedi davlat rahbari.

Mazkur 240 kilometr yo‘lning ikki tomoni – Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani hamda “Dovud ota” bojxona postida hozir bo‘lganlar teleko‘prik orqali aloqaga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamnuniyat bilan yo‘lning ochilishiga ruxsat berdi, ushbu quvonchli voqea bilan barchani muborakbod etdi.

Marosimda davlat idoralari va jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi.

Shu yerda Shavkat Mirziyoyevga muhandislik inshootlarini monitoring qilish tizimi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, ko‘priklarning muayyan nuqtalariga elektron uzatgichlar o‘rnatiladi. Ular orqali mustahkamlik va xavfsizlik darajasi, hozirgidek belgilangan muddatlarda emas, doimiy nazorat qilib boriladi. Kundalik me’yordan o‘zgarish sezilsa, muammo tezda aniqlanib, vaqtida chora ko‘riladi. Bu ko‘priklarning uzoq vaqt yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Shuningdek, bu tizim natijasida mablag‘ tejaladi. 20 ga yaqin qog‘oz shakldagi hisobotlar raqamlashtiriladi. Monitoring ma’lumotlari 30 yilgacha saqlanadi.

Shunday birinchi loyiha Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi, Bobur ko‘chasidagi yangi yo‘l o‘tkazgichda qo‘llandi. Marosimda ushbu transport bog‘lamasi ham to‘liq ochildi. Uning umumiy uzunligi 702 metr, eni 46 metr. Shuningdek, 2 ta aylana va 4 ta yoysimon “qanot”lar barpo etilib, Kichik halqa yo‘li hamda Sodiq Tolipov ko‘chalari bilan samarali bog‘langan. Bu qayrilib olishga hojat qoldirmay, avtomobillar harakatini osonlashtirdi. Umuman, ushbu transport bog‘lamasi 1 soat ichida 5 mingta, bir kecha-kunduzda 132 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ldi.

Prezident bu tizimni avval poytaxtdagi 114 ta ko‘prikda va keyinchalik barcha ko‘priklarda tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining boshqa qismlari ta’mirlangan edi. Shu yil 29 fevral kuni Amudaryo ustida Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan yangi ko‘prik ochilgandi.

Rasmiy relizga ko‘ra, O‘zbekistonda oxirgi 8 yilda 2 ming kilometr yo‘l qaytadan qurilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan. Yangi turdagi polimer-beton, sement-beton qoplamalar qo‘llanishi natijasida yo‘llardan foydalanish muddati 1,5 barobargacha uzaymoqda.

Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kelgusi yil yana ming kilometr yo‘l qurish bo‘yicha 10 ta yirik loyiha rejalashtirilgan.

Mavzuga oid