O‘zbekiston | 21:32 / 31.10.2024
1341
7 daqiqa o‘qiladi

31 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklifi, O‘zbekiston kompaniyalariga AQSh sanksiyalari, chap qatorda harakatlangan yuk mashinalariga jarima va Farg‘onada oshirilgan yo‘lkira haqi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov

Maktab darsliklari uchun ijara to‘lovlari yana qayta tiklanishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, «darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda».

Vazirlik 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Budjetnoma loyihasida maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklashni taklif etgan.

Unga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘mni) tashkil etgan. Hujjatda bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (tannarxning 16-18 foizi) miqdorida to‘lovni qayta tiklash taklif etilgan.

Maktab ta’limi tizimida 2022 yildan beri darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.

Davlat chegara rejimi to‘g‘risidagi nizom

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Nizom chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan o‘tish, u yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish, xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Chegara zonasida doimiy yashaydigan shaxslar chegara zonasi doirasida ro‘yxatga olish varaqasini olmasdan harakatlanishi mumkin.

Chegara zonasida doimiy yashamaydigan va 5 kundan ortiq muddatga keladigan fuqarolar ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan ro‘yxatga olish varaqasini olishlari shart. Buning uchun ular profilaktika inspektori yoki mahalla fuqarolari yig‘ini raisiga murojaat etishlari lozim.

Ro‘yxatga olish varaqasining amal qilish muddati – bir oy.

Chegara zonasida joylashgan aholi punktlariga xizmat safariga yuboriladigan shaxslar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va xizmat safari hujjatlariga ega bo‘lishlari lozim.

 

O‘zbekiston kompaniyalariga AQSh sanksiyalari

AQSh Moliya vazirligi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikkita kompaniya – Uzstanex va The Elite Investment Group’ga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Bunga mazkur kompaniyalarning «Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etgani» sabab sifatida keltirilgan. 

Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshiradigan faoliyat turi – mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi.

AQSh G‘aznachilik departamenti ma’lum qilishicha, Uzstanex tomonidan xarid qilingan dastgohlar Xitoyda joylashgan Shanghai Winsun kompaniyalari orqali Rossiyaga yetkazib berilgan. Shu sababdan unga qarshi sanksiyalar kiritilgan. 

The Elite Investment Group 2024 yil yanvar oyida tashkil etilgan. Faoliyat turi – ixtisoslashmagan ulgurji savdo. Kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan.

Kompaniya 2024 yil mart oyi o‘rtalaridan may oyigacha GUCLU GLOBAL kompaniyasidan tashuvchi agenti sifatida foydalangan holda, Rossiyadagi kompaniyalarga taxminan 190 ming dollar qiymatidagi yuqori ustuvor tovarlarni, jumladan, elektr transformatorlarini yetkazib bergan.

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top 10 davlat

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, o‘tgan 9 oyda quyidagi davlatlar bilan savdo aylanmasi eng yuqori bo‘lgan (AQSh dollarida):

1. Xitoy — 9 mlrd.

2. Rossiya — 8,7 mlrd

3. Qozog‘iston — 3 mlrd

4. Turkiya — 2,2 mlrd

5. Janubiy Koreya — 1,5 mlrd

6. Turkmaniston — 868 mln

7. Fransiya — 859 mln

8. Germaniya — 857 mln

9. Afg‘oniston — 762 mln

10. AQSh — 672 mln

Chap qatorda harakatlangan yuk mashinalariga jarima

Chapga burilish yoki qayrilib olish istisno etilganda yo‘lning chetki chap qatorida yuk avtomobillari harakatlanishi endi bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari — 187,5 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritildi. 

Birinchi jarimadan keyin bir yil davomida takroran qoidabuzarlik BHMning 1 baravari (375 ming so‘m), uchinchi qoidabuzarlik BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m), yil davomida to‘rtinchi va undan keyingi qoidabuzarliklar BHMning 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum qilish bilan jazolanadi.

Farg‘onada avtobusda yo‘lkira narxi oshdi

Farg‘ona viloyatida endi avtobuslarda bir nafar yo‘lovchi tashish uchun 3000 so‘m to‘lanadi. Agar haq elektron shaklda to‘lansa — yo‘lkira haqi 2400 so‘mni tashkil etadi.

Bu haqdagi qarorni viloyat hokimi Xayrulla Bozorov imzolagan.

Shuningdek, yo‘nalishli taksi (mikroavtobuslar)da bir nafar yo‘lovchi uchun — 4000 so‘m yo‘lkira belgilandi.

Shahar yo‘nalishlaridagi avtobuslarda yo‘lovchilarning 7 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun haq undirilmaydi. 

Mavzuga oid