AQSh O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikki kompaniyaga qarshi sanksiya kiritdi
AQSh Moliya vazirligi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikkita kompaniya – Uzstanex va The Elite Investment Group’ga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bunga mazkur kompaniyalarning «Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etgani» sabab sifatida keltirilgan.
AQSh G‘aznachilik departamenti Rossiya mudofaa sanoatini zarur texnologiya va uskunalar bilan ta’minlagan 275 nafar shaxs va tashkilotga naibatan sanksiyalar kiritdi. Ular qatorida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Uzstanex va The Elite Investment Group kompaniyalari ham bor.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshiradigan faoliyat turi – mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi. Ustav fondi 65 mln so‘m. Yagona ta’sischisi – Abramov Vasiliy Vitalevich, direktori – Boysov Dmitriy Aleksandrovich. Kompaniya Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.
AQSh G‘aznachilik departamenti ma’lum qilishicha, Uzstanex tomonidan xarid qilingan dastgohlar Xitoyda joylashgan Shanghai Winsun Imp hamda Exp Co Ltd (Shanghai Winsun) kompaniyalari orqali Rossiyaga yetkazib berilgan. Shu sababdan unga qarshi sanksiyalar kiritilgan.
Ustav fondi 3 mln so‘m bo‘lgan The Elite Investment Group 2024 yil yanvar oyida tashkil etilgan. Faoliyat turi – ixtisoslashmagan ulgurji savdo. Kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Uning asoschisi va direktori – Kazakbayeva Nodira Abdusattorovna.
«Kompaniya 2024 yil mart oyi o‘rtalaridan may oyigacha GUCLU GLOBAL kompaniyasidan tashuvchi agenti sifatida foydalangan holda, Rossiyadagi kompaniyalarga, shu jumladan Gs GRUPP kompaniyasiga taxminan 190 ming dollar qiymatidagi yuqori ustuvor tovarlarni, jumladan elektr transformatorlarini yetkazib berdi», deyiladi G‘aznachilik departamenti xabarida.
Avvalroq, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Mvizion va Intheme Lab MChJ ham AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
15:32 / 20.12.2024
Britaniya Gurjiston IIV rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi
14:54 / 17.12.2024
Seul RF va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik uchun sanksiyalar kiritdi
13:27 / 17.12.2024
YeI Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
08:50 / 17.12.2024