O‘zbekiston | 20:28 / 01.11.2024
21762
25 daqiqa o‘qiladi

Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar

Joriy yil 18 yanvar kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida yer ijarasi shartnomasini boshqa shaxslarga o‘tkazish (fermerlik yoki dehqonchilik yerlarini boshqa shaxslarga sotish) tartibi joriy qilingandi. Kun.uz mazkur tartibga oid masalalar xususida soha mutaxassislari bilan jonli efirda suhbat uyushtirdi, savollarga javob berildi.

Joriy yil boshida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq kutilgan o‘zgarish sodir bo‘ldi: endi fermerlar davlatdan yerni ijaraga olib, qishloq xo‘jaligi faoliyatini yurituvchi sub’yektlar yerni ijaraga olish huquqini sota oladigan bo‘ldi. Ya’ni deylik, fermerchilik qilish fermerning joniga tegdi, shunda nima qilish kerak, degan savol paydo bo‘ladi. Hozir bu savolga javob topildi: fermer ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ldi.

Kun.uz mavzu yuzasidan mutaxassislar bilan suhbat uyushtirdi, studiyamizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduxalil Xidirov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Xidirali Sobidov savollarga javob berdi. Fermerlardan kelgan savollarni Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov yetkazdi.

Jurnalist Shokir Sharipov: Mana shu o‘zgarishlar mohiyatini ochib beraylik tomoshabinga.

Abduxalil Xidirov: Bu o‘zgarishlar bizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini bozor aktivlariga aylantirish, ijara huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha prezidentimiz farmoni bilan qabul qilingan 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada to‘rtinchi maqsad qilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha huquqlarni kafolatlash va bozor aktiviga aylantirish vazifalari yuklatilgan. Bugungi kunda mana shu yerlarni boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha farmonlar belgilandi. Ushbu farmondan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, xususan, Yer kodeksi va Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kamoliddin Ikromov: Fermerlar yerni berib yuborishni istamas edi. Xarajat qilib qo‘ygan yerini shundoq bervormaydi, to‘g‘rimi? Ziddiyatlar ortib bordi. Qonunda cheklovlar mavjud edi va yer sotish imkoniyati yo‘q edi. Shu sababli, yer fermer qo‘lida qolardi va ishlamagan yerlar subarenda, ya’ni o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerlar kabi boshqarilardi. Sotish imkoniyati paydo bo‘lganidan keyin yerga munosabat o‘zgaradi. Yerni sotganlik uchun jinoiy javobgarlik bor edi, bu esa korrupsiyaga olib kelardi.

Shokir Sharipov: Ya’ni yer, majoziy qilib aytadigan bo‘lsak, xohlaymizmi-yo‘qmi, haqiqiy egasiga intiladi. Bir fermer yerga nisbatan ishtiyoq ko‘rsatmayaptimi yoki uni ishlatishni istamay turibdimi, malakasi yetmayaptimi, yer haqiqiy egasiga o‘tishi kerak, to‘g‘rimi?

Kamoliddin Ikromov: Yerni kimdir sotib olgach, bu kimdir investitsiya kiritib, o‘z mablag‘i hisobiga sotib olgandan keyin boshqacha munosabatda bo‘ladi, yanada ko‘proq investitsiya kiritib, o‘sha yerdan tezroq mablag‘ini chiqarib olish maqsadida yondashadi. Qarash o‘zgaradi.

Xidirali Sobidov: Juda to‘g‘ri mavzu ko‘tarildi. Prezidentning 18 yanvardagi 15-son farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati yaratildi, endi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni elektron onlayn-auksion vositasida olish mumkin. Agar davlat zaxirasida yer bo‘lsa, uni elektron onlayn-auksion vositasida olish belgilangan. O‘z-o‘zidan elektron onlayn-auksion vositasida olgan huquqingizni sotish huquqini ham berish kerak. Bu – yerni haqiqiy bozor aktiviga aylantirishdir.

Oldin yerni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emas edi, ya’ni yer davlat tasarrufidagi davlat mulki sifatida qaralgan, uni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun fermer yerni topshirishi kerak bo‘lgan. Endi esa boshqa shaxsga o‘tkazishda nafaqat sotish, balki hadya qilish, ayirboshlash, umuman tekinga berish mumkin.

Kamoliddin Ikromov: Fermerlar ko‘p so‘ramoqda: "prezidentning 15-son farmoni va qonun o‘zgartirilgandan keyin endi biz yerni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun qanday yo‘l tutamiz?"

Xidirali Sobidov: Bu bosqichlar mexanizmi farmonda ham, qonunlarda ham yozildi va bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori ham qabul qilindi. Sotish, boshqa shaxsga o‘tkazish juda oson va hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz, murakkab jarayonlarsiz amalga oshirilishi belgilangan. Kim sotmoqchi yoki olmoqchi bo‘lsa, o‘zaro kelishuv qilib, notariusda tasdiqlangan bitim orqali boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining 700-son qarorida alohida band bo‘lib qo‘shildi. Unda ushbu tartib ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish tartibida amalga oshiriladi deb belgilangan.

Siz uy yoki mashina sotishda qanday jarayonga amal qilsangiz, yer sotishda ham xuddi shunday jarayonga amal qilasiz. Notariusga borib, oldi-sotdi, hadya jarayonlari amalga oshiriladi. Shartnoma o‘z-o‘zidan organlarga yuboriladi: kadastr organlari va hokimliklarga xabar yuboriladi. Yerning egasi o‘zgardi, ya’ni shartnomada taraf o‘zgardi, qayta ijara berish o‘zgardi.

Ikkinchi darajali ijaraga alohida e’tibor qaratishimiz kerak, chunki bu jarayonda adashib ketmaslik zarur. Ikkinchi darajali ijara, ya’ni qayta ijara jarayonida asosiy huquqlar birinchi ijaraga olgan shaxsda qoladi. Qayta ijarada yangi ijaraga olgan kishi to‘liq ravishda yerga mas’uliyatni oladi. Ya’ni yerdan oqilona foydalanish majburiyati bor. Masalan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita bog‘liq bo‘lgani sababli qurilish yoki boshqa maqsadlar uchun foydalanish taqiqlanadi. Shartnomada belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilishi kerak va yangi shaxs bu majburiyatlarni qabul qiladi.

Kamoliddin Ikromov: Ba’zi fermerlar ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun notariuslarning oldiga borib ulgurishibdi. Ammo notariuslar texnik tomondan hali tayyor emasliklarini bildirdi. Rostdan shunday bo‘lsa, hozircha notariusga borib qog‘oz shartnoma tuzishsa va keyinchalik kadastrga olib borib topshirishsa, bu jarayon yurib ketadimi?

Xidirali Sobidov: Notariuslar bilan maxsus ishlayapmiz, ularga alohida tushuntirishlar berilmoqda. Prezident farmonida qayta ijaraga ruxsat berilsin degan norma belgilangan edi, lekin qonunlarda o‘zgarishlar kiritish kerak edi. Ammo notariuslarga ko‘rsatmalar va namunaviy shartnomalar tayyorlab berildi. Yangi amaliyot bo‘lgani uchun notariuslar ilgari bu tarzda hujjatlar bilan shug‘ullanmaganliklari sababli balki noaniqliklar yuzaga kelishi mumkin. Biroq qonunchilikda ruxsat to‘liq berildi va agar notariuslar bu masalalarni tushunmasa, Adliya boshqarmalari ularga yordam ko‘rsatadi. Adliya bo‘limlariga murojaat qilish mumkin.

Kamoliddin Ikromov: Misol tariqasida, 2019 yilgi maqbullashtirishda ko‘pchilik fermerlar birlashtirib qo‘yilgan edi. Endi esa moliyaviy amaliyotlar davomida nizolar paydo bo‘lmoqda. Konturlarni alohida-alohida boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati bormi?

Xidirali Sobidov: Yer uchastkasini boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq va prezident farmonida ham aniq belgilandi. Yer uchastkasidan yuridik shaxs bo‘lganda besh yil va jismoniy shaxs bo‘lganda uch yil davomida foydalanilishi kerak, bu esa yerni savdoda suiiste’mol qilishning oldini olish uchun o‘rnatilgan me’yor, chunki yerni olib-sotuvchi qatlam paydo bo‘lib qolishi mumkin.

Agar bitta kadastr raqamida bir nechta kontur mavjud bo‘lsa, davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkabliklar olinadi. Shartnoma bitta bo‘lib, undagi shartlarini o‘zgartira olmaymiz. Masalan, o‘n gektar yer bitta shartnomaga kiritilgan bo‘lsa, o‘rtada yetti gektar qoldi deb qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijasida yangi besh yil sharti qo‘llanadi. Nechta kadastr bo‘lsa, kadastrga bog‘liq holda qilish kerak. Bundan tashqari, alohida aytish kerakki, masalan, mening kadastrimda ikkita yoki uchta maydon bor. Biroq men qo‘shimcha maydonlarni o‘tkazishim mumkin degan fikrga kelinsa, Yer kodeksining qirq oltinchi moddasida talablar belgilangan. Ya’ni o‘sha bog‘dorchilik va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarda dehqon xo‘jaligida kamida necha gektar bo‘lishi kerakligi — klasterlarda necha gektar, fermerlarda paxta yetishtirish qancha bo‘lishi kerak, o‘ttiz, qirq, ming, ikki ming gektargacha degan o‘lchamlar belgilangan. U o‘lchamlardan chiqib ketmaslik kerak, chunki o‘lchamlarni kamaytirib yuborish fermer xo‘jaligi tugatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shokir Sharipov: Chat orqali savollar berishmoqda, oddiy savollar ham bor, ularga ham javob berishimiz kerak bo‘ladi, misol uchun: “bir gektar yerning qiymati qancha, shundan gapiringlar”.

Xidirali Sobidov: Masalan, siz mashinangizni sotayotganingizda bir kishi narxlab bermaydi-ku, bu sotib oluvchi bilan kelishuvga bog‘liq — xohlang bir million so‘mga soting, xohlang o‘n million so‘mga soting. Sizga hech qanday cheklov yo‘q. Lekin auksiondan olayotganda qonunchilikda belgilanganidek normativ qiymatga bog‘lanadi, ya’ni boshlang‘ich narxi normativ qiymatga bog‘liq bo‘ladi, yerning tuproq ballaridan kelib chiqib belgilanadi. Tuproq bal-baniteti yuqori yerlar bo‘lsa, yuqori narx bo‘ladi.

Kamoliddin Ikromov: Yana bitta savol kelyapti: deylik, normativ qiymatdan past bahoga sotdik, ya’ni mulk huquqi sotildi, qaysi summadan soliq chiqadi? Notariusda ko‘rsatilgan summadanmi yoki normativ qiymatda?

Xidirali Sobidov: Ko‘chmas mulkni sotishda notarial harakat bajarilganidan keyin soliq solish harakati amalga oshiriladi va soliq qonunchilikda alohida tartibda tashkil etiladi. Chunki yer ijara huquqi Vazirlar Mahkamasining 709-sonli qarorida aniq belgilangan. Boshqa shaxsga o‘tkazsangiz, ko‘chmas mulkni o‘tkazish tartibiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Misol uchun, siz uyingizni arzon narxga qiymatlaganingizda u narx normativ qiymatidan kamaytirilgan bo‘lsa, soliq qonunchiligida qoidalar mavjud. Masalan, uyni tekinga sotgan taqdirda ham “aylanmadan olinadigan soliq" degan tushuncha bor. Bu soliq qonunchiligi bilan alohida tartibga solinadi.

Shokir Sharipov: Yerni necha yilga olish mumkin deb so‘rayapti tomoshabinimiz.

Xidirali Sobidov: Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar o‘ttiz yilgacha muddatda ijaraga olinishi mumkin.

Shokir Sharipov: Fermerdan boshqa sub’yektga o‘tganda muddat boshqatdan hisoblanadimi?

Xidirali Sobidov: Yo‘q, qolgan muddat hisoblanadi.

Kamoliddin Ikromov: Yana bir savol tushdi: deylik, yer ijara huquqi bankka garovga qo‘yildi, kredit olindi. Lekin fermer kreditni qaytara olmadi. Yer ijara huquqi garov obekti sifatida bankka o‘tib ketadi. Shunday holatda qonunchiligimiz bo‘yicha qarzdorlikdan oshiqcha summa sub’yektga qaytarilishi kerak. Bu yerda ham shu qoidami?

Xidirali Sobidov: Ha, bu qonunlarga kiritilgan. Prezidentning 15-sonli farmonida aniq belgilangan.

Shu paytgacha ham yerni garovga qo‘yish mumkin, degan qoidamiz bor edi. Lekin bu qoida amalda ishlab ketmadi. Sababi – garov majburiyati bajarilmay qolsa, kreditor nima qiladi degan savolga javob yo‘q edi. Yer zaxiraga qaytarilishi kerak edi. Kreditor – kuydi.

Endi esa belgilangan o‘zgartirishga ko‘ra, agar garov majburiyati bajarilmasa, kreditor garov reyestriga kiritgan holda yerni auksion orqali realizatsiya qiladi. Auksion xarajatlari va bankning kredit xarajatlari chegirib olinadi, qolgan qismi esa qaytarib beriladi.

Shokir Sharipov: Yana bir savol: pul qerga ketadi? Ijara huquqini auksiondan sotib olganda to‘lanadigan pul qayerga ketadi, degan savol.

Abduhalil Xidirov: Bu 709-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida aniq belgilab qo‘yilgan. Birinchi navbatda auksion xarajatlari qoplanadi. Yaqinda o‘zgarish bo‘ldi. Auksionda tushgan pulning hammasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida alohida hisobraqamiga tushadi va o‘sha joydan keyin taqsimlanadi. Birinchi navbatda, o‘sha tushgan pullarning o‘n foizi Qishloq xo‘jalik vazirligining raqamlashtirish markaziga, loyiha ishlab chiqqan tashkilotlarga va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga bo‘linadi, qolgan summa to‘liq mahalliy budjetga, tuman hokimligi mahalliy budjetiga tushadi.

Shokir Sharipov: Menga ikki-uch gektar yer kerak tovuq boqish uchun, nima qilay, deb so‘rayapti tomoshabinimiz.

Xidirali Sobidov: Qishloq xo‘jaligi auksion platformasiga kirsangiz, hammasi ochiq-oydin, hududingizni tanlaysiz, joyingizni tanlaysiz, qancha miqdorini: bir gektar ham bor, o‘ttiz sotix ham, o‘n besh sotix ham, o‘n gektar ham, uch gektar ham – ijaraga olishingiz mumkin. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Hech qanday yopiq masala yo‘q, hammasi ochiq.

Kamoliddin Ikromov: Demak, yer ijara huquqini o‘zgartirganda ham, ixtisoslashuv o‘sha-o‘sha ketaveradi, to‘g‘rimi? O‘zgarmaydi. Fermerlar yozishyapti, yerga nima ekish qachon erkin bo‘ladi, “razmesheniya” qachon bekor bo‘ladi, deb.

Abduhalil Xidirov: “Razmesheniya” – qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish “CROP AGRO” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligida paxta va g‘alla ekinlari bo‘yicha fermer xo‘jaliklari takliflariga asoslanib, agro platforma dasturi orqali moliyalashtirish tizimi joriy qilingan.

505-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bor, unda tartiblar belgilab qo‘yilgan. Fermer xo‘jaliklari taklifiga asosan tuman hokimliklari tomonidan yuboriladi va birgalikda ko‘rib chiqiladi. Ekinlar joylashtirishda ixtisoslikdan kelib chiqiladi. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, fermerning ixtiyoridan kelib chiqib, ekinlarini joylashtirish joriy qilindi

Xidirali Sobidov: Bitta qo‘shimcha qilib ketmoqchi edim. Ixtisoslik, ya’ni ekinlarni joylashtirish bevosita oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bilan bog‘liq. Bu boshqa davlatlarda ham bor, chunki aholiga oziq-ovqat yetkazib berish qishloq xo‘jaligi yerlari orqali amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shuni ham inobatga olish kerak.

Kamoliddin Ikromov: Yana savollar kelmoqda: "yerni ikki-uchga bo‘lib olsak bo‘ladimi? Yerni bo‘lib sotish uchun uchta alohida kadastr kerak, shundaymi?

Xidirali Sobidov: Ha, har bitta konturga alohida kadastr chiqarish kerak. Alohida kadastr chiqarilgandan keyin 46-moddadagi ixtisoslik, ya’ni o‘zining yo‘nalishi kamayib ketmasligi kerak. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Shokir Sharipov: O‘n besh sotix yer oldim auksiondan, lekin boshqa mahalladan adashib olib qo‘yibman, endi qanaqa qaytaraman, dey so‘raydi kuzatuvchimiz.

Xidirali Sobidov: Yer kodeksining 36-moddasida ixtiyoriy voz kechish jarayoni mavjud. Tuman hokimligiga ariza kiritadi, yerdan ixtiyoriy qaytarish to‘g‘risida, ya’ni zaxiraga qaytarish to‘g‘risida va u notarial tartibda tasdiqlaydi. Haqiqatan ham men o‘zim qaytaryapman, hech kim bosim qilmadi, deb.

Shokir Sharipov: Puli qaytadimi?

Xidirali Sobidov: Yo‘q.

Shokir Sharipov: Mohiyatan oladigan bo‘lsak, bu o‘zgarish sohaga, qishloq xo‘jalik sohasiga qanday o‘zgarish keltiryapti?

Xidirali Sobidov: Bu juda katta o‘zgarish, bu tarixiy qonun. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlarimiz ham qabul qilayotganda, bu tarixiy qonun ekanini qayd etdi. Ya’ni bozor munosabatlari qancha rivojlanishi bilan yerlarni bozor aktiviga aylantirish ham muhim.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish mexanizmi aniq ishlab turibdi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirishga ruxsat yo‘q, lekin ijara huquqini sotish huquqi berildi. Bu o‘z-o‘zidan yerlarning aktivga aylanishiga, ya’ni yerning haqiqiy egasi bo‘lishiga, yuqorida ta’kidlab o‘tganingizdek omil bo‘ladi. To‘g‘ri aytdingiz, fermer yerni o‘n yil ishlatdi, o‘g‘it berdi, qaradi, mehr berdi, yumshatdi, o‘zining mulkiday qaradi. Endi u sarflagan xarajatlaridan shunchaki voz kechib, zaxiraga qaytarib yubormaydi-ku! U misol uchun, endi qilgisi kelmayapti. Shunaqa holat bo‘lganda, xohlagan odamga sotib, fermerlik majburiyatini bersa bo‘ladi-ku. Shu mexanizmlar qonun bilan belgilab berildi. Bu – tarixiy qonunlar.

Abduhalil Xidirov: Hozir fermer xo‘jaliklarimizning ko‘pchiligi zamonaviy texnologiyalar joriy qilyapti, bog‘dorchi fermerlar bor, intensiv bog‘lar bor, xarajatlar qilingan. Boshqa shaxsga o‘tkazadigan bo‘lsa, o‘sha xarajatlarni qoplattirib oladi. Texnologiyalar ancha pul turadi. Eski qonunchiligimiz bo‘yicha, nimadir bo‘ladigan bo‘lsa, zaxiraga qaytarish kerak bo‘lardi, majburiy. Xarajatlarni hech kim qoplab bermasdi.

Yerga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan investor odam borki, o‘zining biznes rejasi bilan kiradi, oldindan yana qancha mablag‘ sarflash kerakligini biladi va shu sarflangan mablag‘ qancha vaqtda o‘zini oqlashini ham biladi-da.

Mana, investorlar kiradigan jarayonga yetib keldik deb o‘ylaymanki, bu juda ham katta o‘zgarish bo‘ldi. Shu islohotlarning navbatdagi va keyingi bosqichlarini, Xudo xohlasa, kutib olamiz.

Shokir Sharipov: Muhim qadam tashlandi, buni hammamiz anglab turibmiz. Biroq biz jurnalistlarga ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Nima ekish masalasi turibdi. Fermer nima ekishni o‘zi hal qilsa, keyin to‘liq ma’noda erkin fermerga aylanadi. Tumanlardan xabarlar kelyapti. Bu sohada hali muammo juda ko‘p. Masalan, Xorazm vohasidan kelayotgan xabarlar bor. Hozir biz suhbat qilib turgan masala ajoyib, lekin voqelikda boshqa narsalar yuz bermoqda. Mahalliy idoralar bosimi, sholikorlarga nisbatan tahdidlar. Hatto mahalliy idoralar mas’ullari o‘z yerlarida sholi ekadi deyishadi, kimdir mumkin, kimgadir mumkinmas. Hokimiyat suiiste’moli mavjud. Holat juda achinarli. Bunga nima deymiz?

Xidirali Sobidov: Masalan, men yer olsam, shartnomaga qo‘l qo‘yib, rozi bo‘lib olaman. Endi men o‘sha shartnomani buzishga nima uchun harakat qilishim kerak? Shartnomada nima ekish ham aytiladi, ixtisoslashuv ham yoziladi. Qonun buzilsa, sud bor, boshqa organlar bor. O‘zi rozi bo‘lib olgandan keyin shartnomani buzish nima uchun kerak, degan savol kelib chiqadi.

Shokir Sharipov: Bu ahvolni fermer miqyosida emas, yuqori miqyosda ko‘rib chiqish kerak. Masalan, bir yer paxtaga yaxshi emas, hosil bermaydi, lekin paxtaga majburlanadi. O‘sha yerda boshqa narsani eksa foydaliroq bo‘ladi. Kompleks o‘zgarishlarga ehtiyoj paydo bo‘lyapti. Yer egasi yerni ishlatishni yaxshiroq biladi, nima ekish kerakligini. Bilmasa ham, bugun bilmasa, ertaga bilib oladi, tajribadan o‘rganadi. Ya’ni bu fermerni rivojlantirishga omil bo‘ladi. Misol uchun, tadbirkorlik sub’yektiga biz aytmaymiz, mana buni ishlab chiqar, deb. To‘g‘rimi? Ha, o‘ziga qo‘yib berganmiz. Nima uchun yer egasiga erkinlik yo‘q?

Xidirali Sobidov: Yuqorida ham ta’kidlab o‘tdik, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq va muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shuning uchun ixtisoslashuv o‘rnatiladi. Joylashuv muhim, shuning uchun institutlar, loyiha institutlari, qishloq xo‘jaligi vazirligi, qishloq xo‘jaligiga oid ilmiy tadqiqot muassasalari ham bevosita u yerni chiqarishda ixtisoslashuvini belgilab beradi.

Shokir Sharipov: Bu – davlat yaxshiroq biladi qayerda nima ekishni, degan gap bo‘lyapti, lekin iqtisodiy fan aytadiki, davlat yaxshi boshqaruvchi emas. Dehqonning o‘zi hal qilsa, samara ko‘proq bo‘ladi. Qachon o‘sha darajaga yetar ekanmiz?

Xidirali Sobidov: Biz ham bosqichma-bosqich bu jarayonga o‘tyapmiz. Yer kodeksidagi "uch yil davomida hosildan samarasiz foydalanilganda" degan kriteriya bilan yer olib qo‘yish imkoniyatini berardi. Fermer dehqon kengashga a’zo bo‘lmasa, yer olib qo‘yilishi mumkin edi. Qonunchilikda boshqa holatlar ham belgilanishi mumkin, lekin hozir yerni olib qo‘yolmaydi. Prezident farmoni bilan yerlarni mustaqil belgilash masalasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonni birdaniga amalga oshirsak, katta miqdordagi – to‘rtta yarim million gektar sug‘oriladigan yerlarimiz qo‘lga olinadi. Kimdir uchun bu yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin kimdir uchun xavfli bo‘lishi ham mumkin. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligiga bog‘liq masalalar bilan bevosita bog‘liq jarayon bo‘lgani uchun har bir qadamni chuqur o‘ylab ko‘rish kerak.

Shokir Sharipov: Bizga kelgan muayyan misollar: falon gektarga sholi ekilmoqda, kelib, klaster bilan, noma’lum-mavhum bir sub’yekt bilan shartnoma tuzasan, tayyor bo‘lgan sholini unga topshirasan deyishyapti. Bu qanday tushuntiramiz?

Yana bir misol — katta tadbirkor, chet ellarda ishlab kelgan, ko‘rsatuv ham qildik u haqda. Kunjutga ixtisoslashgan, kunjut yetishtirib, bir qancha tayyor mahsulotlarni eksport qilib, ishlab chiqaryapti. Men almashlab ekishim kerak. Ekib yetishtirsa tortib olishga urinishyapti. Paxta eksam, muammo yo‘q deyapti, lekin boshqa narsa eksa, yugurib kelishadi deyapti.

Yerga munosabat noto‘g‘ri. Xo‘p, almashib ekmoqda, muhimi samara borligi emasmi? Sub’yekt o‘zi biladi-ku nimani almashlab eksa unga foyda bo‘lishini.

Men hozir vaziyatdan foydalanib qolmoqchiman. Shunday taassurot tug‘ilmoqdaki, biz ma’lumotlarni chiqaryapmiz, yaxshi niyatda, hal bo‘lsin deb, ammo muammo shundaki, reaksiya bo‘lmayapti. Ommaviy axborot vositalari, Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilishimiz kerakdir, bizga kelayotgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish uchun. Sizlar bilan hamkorlik qilib, buning yechimini topish kerak.

Chunki ommada noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lyapti, "bizni hech kim eshitmayapti" degan. Men prokuraturadan vakil chaqirdim. Prokuratura xodimlari bu yerda o‘tirishlari kerak edi, chunki noqonuniy ishlar bo‘lyapti.

Xidirali Sobidov: Tayyormiz, kimda, qaysi fermer xo‘jaliklarida muammolar bo‘lsa, birgalikda ishlaymiz.

Shokir Sharipov: Rahmat! 

Mavzuga oid