Jahon | 21:34 / 05.11.2024
12062
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi

Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning aytishicha, davlat xavfsizligining mustahkamligi bevosita aholi soniga bog‘liq va qo‘shni davlatlarda aholi soni Qirg‘izistonnikidan o‘zib ketmoqda.

Foto: 24.kg

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev Norindagi yangi bolalar bog‘chasining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda yana bir bor mamlakat ayollariga murojaat qilib, ularni ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirdi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p farzandli oilalar — bu mamlakat kelajagining asosidir. Uning ta’kidlashicha, qirg‘iz ayollari oilada 5-10 nafargacha bola bo‘lishiga harakat qilishi kerak.

«Biz ko‘p farzandli bo‘lishimiz kerak. Ayollar, yosh kelinlar bunga e’tibor qaratishi lozim. Faqat shu holatda Qirg‘iziston rivojlana oladi… Davlat xavfsizligining mustahkamligi bevosita aholi soniga bog‘liq. Agar aholi soni oshmasa, xavfsizlikni ta’minlash qiyin masalaga aylanadi. Hozir dunyoda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti va qo‘shni davlatlar aholi soni bo‘yicha bizdan o‘zib ketmoqda. Biz ushbu masalaga jiddiy yondashishimiz darkor», — deydi Tashiyev.

U davlat tug‘ilish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi. Bunday chora-tadbirlar qatoriga bolalar bog‘chalari, maktablar va boshqa ijtimoiy obektlar qurilishi kiradi.

Bundan tashqari, Tashiyev hukumatning tog‘li hududlar aholisi uchun onalik kapitalini joriy etish rejalari haqida gapirdi. Mamlakatning ayrim viloyatlarida oilada tug‘ilgan to‘rtinchi farzand uchun 100 ming qirg‘iz so‘mi, beshinchiga — 600 ming so‘m, yettinchi farzandga esa 1 million so‘m (11,6 ming AQSh dollari) berish ko‘zda tutilmoqda.

«Sakkizinchi va to‘qqizinchi farzand uchun 1,5 million so‘m, o‘ninchisi uchun esa 2 million so‘m miqdorida to‘lov belgilanadi… Maqsadimiz — 10-20 millionlik aholiga tezroq erishish. Shunda mamlakat kelajagi uchun qayg‘urmasak ham bo‘ladi», — deydi MXDQ raisi.

Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev oktyabr boshlarida xodimlariga 5-6 farzandli bo‘lishni buyurgandi. Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda ayollar o‘rtacha hisobda uch va undan ortiq, qishloqlarda esa 4 va undan ortiq bola tug‘adi. Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti reproduktiv yoshdagi ayolga 3,0 bolani tashkil etadi.

Mavzuga oid