Jahon | 11:29 / 06.11.2024
3063
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga yordam: YeI AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda

Yevropa Ittifoqi Ukrainani keyingi qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishini aniqlash uchun AQShdagi saylovlar natijasini va Vashingtondan aniq pozitsiyani kutmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi Bryusselda jurnalistlarga ma’lum qildi.

Foto: Virginia Mayo/AP

Yevropa Ittifoqi AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda, shundan so‘ng Ukrainaga keyingi yordam bo‘yicha uning pozitsiyasi aniqroq bo‘ladi. Bu haqda 5 noyabr, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda anonimlik sharti bilan jurnalistlarga Yevropa Ittifoqining yuqori martabali amaldori gapirdi.

Yevropa Ittifoqi AQShning bu boradagi pozitsiyasi ham aniq bo‘lishiga umid qilmoqda. Agar Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp g‘alaba qozonsa va potensial ravishda Rossiyaning harbiy tajovuzkorligidan himoyalanayotgan Ukrainaga yordam ko‘rsatishni to‘xtatishga qaror qilsa, «Yevropa Ittifoqining yo‘nalishi o‘zgarishsiz qoladi – Ukrainani qo‘llab-quvvatlash». «Ammo Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi bu yo‘nalishni davom ettiradimi, bu boshqa masala», dedi rasmiy.

Uning eslatishicha, Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshidan buyon YeI bu masalada birdamlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan, biroq blokda yakdillik yo‘q. Gap, xususan, Yevropa Ittifoqining Kiyevga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorlarini to‘sib qo‘yayotgan va Bryussel va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan muvofiqlashtirilmagan turli bir tomonlama tashabbuslar bilan chiqayotgan Vengriya haqida bormoqda.

Yevropa yetakchilari Vengriyada yig‘iladi

Ayni paytda aynan Vengriya joriy yarim yil davomida Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qilayotgan davlat sifatida 7 noyabr kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitiga mezbonlik qiladi, unga Ukraina rahbariyati ham taklif etilgan. Bryusseldagi yuqori martabali mulozimning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush uchrashuvda asosiy mavzulardan biri bo‘ladi, chunki «uni diqqat markazida ushlab turish muhim», ayniqsa butun qit’a yig‘ilganda.

Agar Vashington endi Kiyevni qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qilsa, bu Yevropa ham xuddi shunday yo‘ldan borishini anglatmaydi – aksincha, Bryusselga ko‘ra, yordamni oshirishga qaror qilinishi mumkin. Agar AQSh, ba’zilar taxmin qilganidek, ukrainaliklarning boshi ustidan sakrab o‘tib Rossiya bilan gaplasha boshlasa ham, «boshqalarni ham shunday qilishga ishontirishiga ishonchim komil emas», dedi yuqori martabali amaldor.

Ayni paytda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi poytaxti va NATO shtab-kvartirasida taqdim etgan «g‘alaba rejasi» bo‘yicha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari «ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda», dedi uning vakili.

Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti beshinchi marta o‘tkaziladi. Yevropa Ittifoqi bu formatni muhim deb hisoblaydi, chunki u Yevropa davlatlari vakillariga nafaqat BMT va NATO doirasida bir-birlari bilan uchrashish, balki kamroq rasmiy muhitda muloqot qilish va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish imkonini beradi.

Mavzuga oid