Jamiyat | 10:23
5526
3 daqiqa o‘qiladi

DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etildi.

Foto: Videodan kadr

Jamoatning 11 nafar a’zosi Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1980-2000 yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda menejer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik bo‘lib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shug‘ullangan shaxslar bor.

2021-2023 yillar davomida noqonuniy guruh a’zolari Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelishgan.

Shuningdek, mamlakatda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va “Halifalik” davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni o‘zaro muhokama qilishgan. Jamoat a’zolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilishgan.

Bundan tashqari, ulardan 2 nafari o‘zaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023 yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i yuborishgan. 

Jamoat a’zolari o‘z saflarini kengaytirish uchun yig‘inlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirishgan.

“Telegram” messenjerida tashkil etilgan guruhda o‘zaro ma’lumotlar almashinib, navbatdagi yig‘in vaqti va joyi e’lon qilib borilgan.

Shuningdek, ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari bo‘yicha guruh yetakchisiga hisobot berishgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur noqonuniy guruh a’zolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 155-3-,  159-,  244-1-  va  244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid