Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
Urganch tumanida 8 gektarlik intensiv bog‘ mahalliy hokimlik topshirig‘i bilan “qarovsiz yer” sifatida buzib tashlandi. Bog‘ga Turkiyadan keltirib o‘tqazilgan 4 ming tup o‘rik niholi qariyb mevaga kirib qolgan bo‘lgan. Kun.uz’ga murojaat qilgan dehqonning aytishicha, hokim unga o‘zi aytgan firmadan nihol olishni buyurgan.
Urganch tumanida deyarli hosilga kirib, endi daromad keltirishni boshlashi kerak bo‘lgan intensiv bog‘ buzib tashlandi. Kun.uz’ga murojaat qilgan dehqon uni tuman hokimi aldaganini aytmoqda.
Dehqon Rustam Ahmedovga ko‘ra, u 2022 yil boshida tumandagi biror bo‘sh turgan ekin yerini olib, bog‘ yaratmoqchi bo‘lgan. Ammo o‘tkazilgan auksionlarda “o‘yinlar” bo‘lgani bois g‘olib bo‘lolmagan.
“Shundan so‘ng Urganch tumani hokimi Frunze Sharipovga murojaat qildim. Hokim fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli bo‘lgan 8,2 gektar yer maydonini menga taklif qildi. Ushbu yer maydoni o‘sha paytda viloyat hokimining topshirig‘iga binoan bog‘ barpo etilishi uchun zaxiraga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan ekan. Menga og‘zaki ravishda bog‘ni yarataverish, vaqti kelganida yer nomimga o‘tishi aytildi.
Sharti shuki, ko‘chatlarni hokim aytgan firmadan olishim kerak edi. Men ko‘ndim. Turkiyadan keltirilgan ko‘chatlarni o‘tqazdik, parvarish qildik. Mana endi bog‘ mevaga kirgan bir paytda uni buzib tashlashdi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan dehqon.
Rustam Ahmedovning qo‘shimcha qilishicha, u o‘rik nihollarining har bir donasini 4 AQSh dollaridan sotib olgan. Endi esa u bog‘ni yaratish uchun sarf qilgan 200 mln so‘m mablag‘i qoplab berilmayapti.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Urganch tumani hokimligi vakili bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, mazkur yer qarovsiz qolganligi sababli o‘zga bir dehqonga berilgan.
Kun.uz yoritib kelayotgan Xorazm vohasida yuz berayotgan bu kabi hodisalar tegishli idoralarning e’tiboridan chetda qolmoqda. Jumladan, oldinroq Xorazmda tadbirkorning sholisini tortib olishga urinish holati bo‘lgandi. Undan avvalroq esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida dehqonning pishay deb turgan 14 gektar sholi dalasi buzib tashlangandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi holat o‘rganilib, qonuniy hal etilishi nazoratga olinganini bildirdi. Ammo oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay o‘rganish natijasi va aybdor mas’ullarga qo‘llanilgan ta’sir choralari ochiqlanmadi.
Mavzuga oid
20:29 / 22.11.2024
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
16:00 / 11.11.2024