Jahon | 14:18 / 11.11.2024
2363
3 daqiqa o‘qiladi

Kubada blekaut sababli norozilik namoyishiga chiqqanlarga qarshi ish ochildi

Havanada, Mayabeke va Sego-de-Avila provinsiyalarida elektr energiyasining ommaviy uzilishiga qarshi norozilik namoyishlaridan so‘ng ish ochildi, deb xabar berdi Kuba Bosh prokuraturasi.

Foto: Norlys Perez/REUTERS

Kuba bo‘ylab elektr ta’minotidagi ommaviy uzilishlarga qarshi norozilik namoyishlaridan so‘ng Havanada, shuningdek, Mayabeke va Sego-de-Avila provinsiyalarida «hujum qilish, jamoat tartibini buzish va zarar yetkazish» ayblovlari bilan jinoiy ishlar ochildi. Bu holatlar haqida 9 noyabr, shanba kuni Kuba Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov ma’lumotlariga qaraganda, ular bir qator hududlarda hukumat amaldorlari va inspektorlarga qarshi «bosqinchilik harakatlari»da ishtirok etgan, bu esa «jarohatlar va tartib buzilishi»ga olib kelgan.

Rasmiylar ayblanuvchilar sonini e’lon qilmagan.

Kubaning turli mintaqalarida hibsga olishlar

Justicia 11J inson huquqlari guruhi Havana sharqidagi Guanabakoada tinch namoyishlar ortidan o‘ndan ortiq hibsga olingani haqida xabar berdi. Florida shtatining Mayami shahridagi Cubalex nodavlat tashkiloti Kubaning markaziy mintaqasidagi Enkrusixada shahrida sakkiz kishi hibsga olingani haqida ma’lum qildi.

Avvalroq, 18 oktyabr kuni Antonio Guiteras issiqlik elektr stansiyasidagi nosozlik tufayli butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida katta uzilishlar yuz bergani ma’lum bo‘lgan edi. Ertasi kuni takroriy avariya natijasida yana bir qator uzilishlar sodir bo‘ldi.

Kuba bosh vaziri Manuel Marrero telemurojaatida mavjud vaziyatni «qiyin» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avariyalar sababi, birinchi navbatda, yonilg‘i yetishmasligi va eski elektr stansiyalarining nosozliklaridir. O‘sha vaqt oralig‘ida va butun mamlakat bo‘ylab uzilishlardan oldin mamlakatning ba’zi hududlarida kuniga 12 soatdan ko‘proq elektr ta’minoti o‘chirilgan, deya eslatadi dpa.

Yopilgan maktablar, universitetlar va korxonalar

Kubadagi maktablar va universitetlar uzilishlar sababli vaqtincha yopildi, shuningdek, korxonalar ofislari ham ishlamadi, deb xabar berdi Reuters. UNE davlat elektr ta’minotchisi iqtisodiyotning muhim bo‘lmagan sohalariga elektr yetkazib berish to‘xtatilishini e’lon qildi. Keyinchalik, noyabr oyida to‘fon tufayli elektr ta’minoti yana uzildi. Blekaut bir qator hududlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi.

2021 yil iyul oyida elektr ta’minotidagi uzilish Kubada tarixiy namoyishlarga sabab bo‘ldi. Justicia 11J tashkilotiga ko‘ra, o‘shanda 1500 dan ortiq kishi hibsga olingan, ulardan 600 nafari hamon qamoqda. Ba’zi namoyishchilar 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan, deb eslatadi AFP.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid