Jahon | 11:53 / 11.11.2024
1627
5 daqiqa o‘qiladi

Shols Germaniya va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni Tramp bilan muhokama qildi

Germaniya kansleri AQShning 47-prezidenti etib saylangan Tramp bilan ilk telefon suhbatini o‘tkazdi. Rasmiy Berlinning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlari Yevropada tinchlik o‘rnatish uchun hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Foto: Jens Büttner/dpa/globallookpress

Germaniya kansleri Olaf Shols 10 noyabr, yakshanba kuni kechqurun AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan ilk rasmiy telefon muloqotini o‘tkazdi. Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Hebeshtraytning OAVga ma’lum qilishicha, davlat rahbarlari Berlin va Vashington o‘rtasidagi «ko‘p yillik hamkorlik»ni davom ettirishni muhokama qilishdi.

Hebeshtraytning so‘zlariga ko‘ra, Shols Trampni «ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi o‘nlab yillik muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirishga» taklif qilgan. Suhbat chog‘ida har ikki siyosatchi «joriy geosiyosiy masalalar»ni muhokama qildi va «Yevropaga tinchlikni qaytarish uchun birgalikda ishlashga» kelishib oldi, dedi Hebeshtrayt. Shu bilan birga, Germaniya hukumati vakili Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli urushi haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri eslatib o‘tmadi, amerikalik siyosatchi avvalroq unga yechim topishga va’da bergan edi.

Qo‘ng‘iroq chog‘ida Shols Trampni qayta saylangani bilan ham tabrikladi. Avvalroq Germaniya hukumati rahbari buni X ijtimoiy tarmog‘ida amalga oshirib, Berlin Vashington bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirishga umid qilayotganini ta’kidlagan edi.

Berlin Trampdan Baydenning harbiy hamkorlik haqidagi va’dalari bajarilishini kutmoqda

Avvalroq Germaniya kansleri ARD nemis telekanali boshlovchisi Karen Miozga bilan suhbatda AQShning saylangan 47-prezidenti bilan ehtimoliy hamkorlikni muhokama qilgan edi.

«Mening prinsipim har doim, agar buni yengilroq qilib aytsam, shunday: xonada bo‘lganlar bilan raqsga tushish va bu AQShning bo‘lajak prezidentiga ham tegishli», dedi Shols.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, u Tramp Berlin va Vashington o‘rtasidagi harbiy hamkorlik bo‘yicha Oq uyning amaldagi rahbari Jo Bayden bergan majburiyatlarni bajarishda davom etishiga umid qilmoqda. Gap AQShning Germaniyada uzoq masofali raketalarni joylashtirish niyati haqida bormoqda, bu jarayon 2026 yilda boshlanishi kerak.

Tramp Berlinni tanqid qilgan va YeIdan tovarlarga katta bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan

Germaniya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi hamkorlik, boshqa narsalar qatori, Tramp tanqid qilgan va hokimiyatga kelganida qayta ko‘rib chiqishga va’da bergan savdo munosabatlariga ham taalluqli. Amerikalik siyosatchi yuqori import bojlari yordamida Amerika bozoriga har qanday xorijiy mahsulotlar, birinchi navbatda, Xitoydan, shuningdek, Yevropa va xususan Germaniyadan kirishini keskin cheklash bilan tahdid qilgandi.

Germaniya ishbilarmon doiralarida bunday bayonotlar jiddiy qabul qilinyapti. Myunxen Iqtisodiy tadqiqotlar instituti ifo tomonidan AQShda ovoz berishdan biroz oldin o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, nemis sanoat kompaniyalarining deyarli yarmi (44 foizi) Tramp hokimiyatga qaytsa, salbiy oqibatlardan xavotirda. IW Keln instituti ham tadqiqotni taqdim etdi, unga ko‘ra Germaniya yalpi ichki mahsuloti, eng yomon ssenariyda, keyingi to‘rt yil ichida 180 milliard yevro yo‘qotishi mumkin.

Bundan tashqari, Tramp AQShning NATOdagi hamkorlari bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi, hatto Vashingtonning Shimoliy Atlantika alyansidan chiqishi bilan tahdid qildi. Amerikalik siyosatchi birinchi prezidentlik davridan buyon shunday bayonotlar berib kelmoqda — bunga NATOning ko‘plab mamlakatlari mudofaa alyansi ko‘rsatmalarida ko‘rsatilganidek, harbiy xarajatlar uchun YaIM ikki foizini ajratmayotgani sabab bo‘ldi.

ARD efirida chiqish qilgan Shols o‘shandan beri NATOga a’zo davlatlarning harbiy budjeti bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarganini ta’kidladi. Shu tariqa, Germaniya oxirgi paytlarda mudofaaga yalpi ichki mahsulotning zarur bo‘lgan ikki foizini sarflamoqda va 2024 yilda bu me’yordan ham oshib ketadi.

Mavzuga oid