O‘zbekiston | 20:00 / 13.11.2024
4697
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi

Xaridor O‘zbekistondagi eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri - Cotton Logistics. Kompaniya o‘zining 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega.

Foto: Cotton Logistics

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ aksiyalarining bir qismi xususiylashtirilganini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, xususiylashtirish jarayonida konsultant sifatida tanlangan Alkes Research'ga MDH, arab, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 6 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olishga qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar kelib tushgan.

Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq bo‘lgan 5 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – majburiyatga ega takliflarni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilingan.

«Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risida bitim imzolanib, konsultant tomonidan tayyorlangan korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil hisobotlari joylashtirilgan virtual ma’lumotlar xonasiga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi», — deyiladi xabarda.

Belgilangan muddatlarda uch nafar talabgor tomonidan majburiyatga ega takliflar taqdim qilingan. Natijada, korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Cotton Logistics” MChJ 200 milliard so‘m miqdorida sotib olish to‘lovini to‘lash sharti bilan savdo g‘olibi deb topilgan.

«Xaridor tomonidan kelajakda korxonaning biznes jarayonlarini raqamlashtirish va respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda korxonaning baholangan qiymatidan yuqori», — deyiladi xabarda.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.

Ta’kidlanishicha, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq «Xalqchil IPO» dasturi doirasida «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJ 4 foiz aksiyalarining mahalliy fond bozorida ommaviy taklifi o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, “Cotton Logistics” MChJ – O‘zbekistonning eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri bo‘lib, yuk aylanmasi 1 mln tonnani tashkil etadi. Kompaniya o‘zining 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega. Shuningdek, kompaniya boshqaruvida 1000 dan ortiq harakat tarkibi mavjud.

Mavzuga oid