Jahon | 21:45 / 13.11.2024
16871
4 daqiqa o‘qiladi

«Siyosat – ayovsiz» - Tramp Oq uyda Bayden bilan uchrashdi

Saylovoldi kampaniyasi davrida ikki siyosatchi ham bir-birini qattiq tanqid qilgan va oxirgi marta iyundagi debatlar doirasida uchrashishgandi.

AQShdagi prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Donald Tramp Oq uyda amaldagi prezident Jo Bayden bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida Bayden hokimiyatni keyingi prezidentga tinch yo‘l bilan o‘tkazish niyatida ekanini bildirgan, Tramp esa bu jarayon «imkon qadar silliq o‘tishi»ni aytgan.

«Janob saylangan prezident va sobiq prezident, Donald, tabriklayman! Biz, avval aytganimizdek, hokimiyatni topshirishning silliq kechishini intiqlik bilan kutmoqdamiz, siz uchun qulay sharoit yaratish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. — degan Bayden Trampga. — Bugun biz bu masalalarning ayrimlarini muhokama qilishimiz mumkin. Xush kelibsiz, xush kelibsiz».

«Siyosat — ayovsiz va ko‘p hollarda u yoqimli dunyo emas, ammo bugun vaziyat yaxshi. Men o‘tish jarayoni iloji boricha silliq kechayotganini juda qadrlayman va buning uchun minnatdorman», — degan Tramp, shundan keyin ikki siyosatchi bir-birining qo‘lini siqib qo‘ygan.

Foto: EPA

Uchrashuv Oval kabinetda bo‘lib o‘tgan, Tramp bu yerda oxirgi bor 2021 yil yanvarida bo‘lib, Baydenga ikki sahifadan iborat maktub qoldirgandi.

Saylovoldi kampaniyasi davrida ikki siyosatchi ham bir-birini qattiq tanqid qilgan va oxirgi marta iyundagi debatlar doirasida uchrashishgandi. Shundan ko‘p vaqt o‘tmay o‘z yoshi va prezidentlik vazifalarini bajarishga layoqatsizligi bo‘yicha xavotirlar fonida Bayden poygadan chiqishga qaror qilgandi.

Saylangan prezidentning lavozimidan ketayotgani bilan uchrashishi — Amerika siyosiy hayotidagi azaliy an’ana hisoblanadi.

Ammo 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin mag‘lubiyatini tan olmagan Trampning Bayden bilan uchrashuvi o‘tkazilmagandi: o‘shanda amaldagi prezident bo‘lgan respublikachi saylangan prezidentni taklif etmagandi.

Bugungi uchrashuvga izoh berarkan, Oq uy rasmiy vakili Karin Jan-Piyer Bayden «normalarga, institutlarga ishonishi»ni ta’kidlagan. «U hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish qoidasiga amal qiladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin ilk bor Vashingtonga keldi. Oq uyga borishidan oldin u Vakillar palatasiga tashrif buyurib, Respublikachilar partiyasi a’zolari bilan uchrashdi, ayni vaqtda partiya Kongressning quyi palatasi ustidan ham nazoratni saqlab qolishi kutilmoqda.

Vakillar palatasi uchun ovozlarni hisoblash jarayoni hali davom etmoqda, ammo respublikachilar ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishi uchun faqat ikki mandat yetmayapti (demokratlarga esa — o‘nta).

Prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkazilgan senatorlik o‘rinlari uchun saylovlar natijalariga ko‘ra ham Respublikachilar partiyasi Amerika parlamentining yuqori palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgandi.

«G‘alaba qozonish yoqimli emasmi? G‘alaba qozonish yoqimli! Doimo g‘alaba qozonish yoqimli, — degan Tramp kongressmenlarga. — Palatada ham barchasi juda muvaffaqiyatli o‘tdi».

Trampning inauguratsiya marosimi 2025 yil 20 yanvariga belgilangan. Shu bilan birga, saylangan prezident allaqachon o‘zining bo‘lg‘usi ma’muriyatini shakllantirishni boshlagan.

Mavzuga oid