O‘zbekiston | 17:53
1463
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zalini rekonstruksiya qilish boshlandi

Shu sababli endi zalning chap tomonidan yo‘lovchilarning chiqishi to‘xtatiladi. Uchib kelganlar binodan to‘g‘riga qarab chiqadi.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish doirasida qurilish-montaj ishlarining navbatdagi bosqichi — uchib kelish zalini kengaytirish boshlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu sababli zalning chap tomonidan yo‘lovchilarning chiqishi to‘xtatiladi. Endilikda uchib kelganlar binodan to‘g‘riga qarab chiqishadi. Qurilish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun vaqtinchalik usti yopiq yo‘lak quriladi. Kutib oluvchilar zali odatdagi rejimda ishlaydi.

Loyihaga ko‘ra, bino fasadini oldinga surish hisobiga uchib kelish zali maydoni 2500 metr kvadratga oshadi. Hozirda mavjud zal maydoni — 5300 metr kvadrat. Ushbu bosqich yana ikkita bagaj lentalarini o‘rnatish va terminal ichida kutib oluvchilar uchun keng maydon yaratishni o‘z ichiga oladi.

Rekonstruksiya ishlarini 2025 yilning may oyida yakunlash rejalashtirilgan, shundan so‘ng qurilish ishlarining yakuniy bosqichi boshlanadi, unda uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish nazarda tutilgan. Bu esa o‘z navbatida soatiga 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yirik yagona aeroport majmuasini yaratish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil avgust oxirlarida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni 45 ming metr kvadratdan 65 ming metr kvadratgacha kengaytirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid