O‘zbekiston | 16:04
5129
4 daqiqa o‘qiladi

3 yoshli bolaning qotili 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Yashnobod tumanida giyohvandlik vositalari ta’sirida 3 yoshli bolani vahshiylarcha pichoqlab o‘ldirgan shaxs ustidan sud yakunlandi. 31 yoshli shaxs 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Qotil tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida o‘zi bilan yashab kelgan ayolning 3 yashar o‘g‘lini vahshiylarcha o‘ldirgan S.M.ga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda sud Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Hukmga ko‘ra, 31 yoshli S.M. Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bilan aybdor deb topilgan. Xususan:

  • 97-modda 2-qismi «v», «j» bandlari — ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish;
  • 25-modda orqali 97-moddaning 2-qismi «b», «g», «j», «r» bandlari — homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni, o‘z fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yaqin qarindoshlarini, o‘ta shafqatsizlik bilan, xavfli retsidivist tomonidan o‘ldirishga suiqasd qilish (qotil bolaning onasiga nisbatan ham jinoyat sodir qilgan);
  • 219-modda 2-qismi — fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsni fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish;
  • 251-1-moddasi 3-qismi — giyohvandlik va psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, .... saqlash jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan, sudlanuvchi tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Avvalgi sud majlislarida ma’lum bo‘lgandiki, qotil 9 iyulga o‘tar kechasi “Regopen” va “Tropikamid” dori vositalari va “Mefedron” giyohvandlik moddasini iste’mol qilgan. Bu moddalar ta’sirida o‘zi bilan birga yashab kelgan, 1994 yilda tug‘ilgan ayol N.N.ni uning 2021 yilda tug‘ilgan, onasining bag‘riga intilgan o‘g‘lidan rashk qilgan va bolani uxlayotgan vaqtida vahshiyona tarzda (yuz qismidagi tana a’zolariga yig‘ma pichoq sanchgan holda) o‘ldirgan.

“O‘sha kuni “glyuk”da bo‘lganman. Voqeani eslay olmayman. Ko‘p kayf qilib yuborganman”, degandi sudlanuvchi.

Sud ekspertizasiga ko‘ra, sudlanuvchi aqli raso va ruhiy sog‘lom deb topilgan.

Mavzuga oid