Tbilisida namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi
Gurjiston xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Namoyishchilar barrikadalar qurmoqda.
Gurjiston xavfsizlik kuchlari 28 noyabr, payshanba kuni kechqurun Tbilisi markazida to‘plangan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi maxsus vositalardan foydalanish haqida ogohlantirib, miting «yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqanini» ma’lum qildi.
Namoyishchilar parlamentga tutash hududdan siqib chiqarildi. Ayrim namoyishchilar Gurjiston parlamenti oldidagi maydonga qaytishga harakat qilmoqda. Bir qancha namoyishchilar gimnaziya yaqinida to‘planib, barrikadalar o‘rnatishga kirishdilar, deb xabar bermoqda Paper Kartuli Telegram-kanali. Gurjiston poytaxti markazida vaqti-vaqti bilan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomon turli xil narsalarni uloqtirgan, natijada IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan. Ulardan ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan. Namoyishchilarning ba’zilari dubulg‘a bilan jihozlangan, ularning bir qismi niqob taqqan.
OAV namoyishchilar jabrlangani va ushlangani haqida xabar berdi
O‘z navbatida, Gurjiston OAV ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va qalampir gazidan foydalanish natijasida namoyishchilar jabrlanganini xabar qilmoqda. Mtavari Arkhi nashrining xabar berishicha, «O‘zgarishlar koalitsiyasi» yetakchilaridan biri Elene Xoshtariya jarohatlangan.
Netgazeti xabariga ko‘ra, nashr muxbiriga qalampir gazi qo‘llangan. U, shuningdek, yetti nafar jabrlangan namoyishchining suratlarini chop etdi.
TV Pirveli rahbariyati operator Niko Kokaya bilan sodir bo‘lgan voqea uchun Ichki ishlar vazirligi rahbari Vaxtang Gomelaurini javobgar sifatida ko‘ryapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, janjal paytida u boshidan jarohat olgan, shuningdek, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan zaharlangan.
Namoyishchilarning qattiq tarzda qo‘lga olingani haqida xabarlar bor.
Mavzuga oid
10:52
Gurjistonda YeI bilan muzokaralar rad etilishiga qarshi namoyishlar boshlandi
10:30 / 01.11.2024
Gurjiston muxolifati yangi norozilik namoyishi haqida ma’lum qildi
13:40 / 21.10.2024
Tbilisida Yevropa tarafdorlari mitingida o‘n minglab kishilar qatnashdi
17:22 / 09.08.2024