Isroil va Livan sulhidan keyin odamlar uylariga qaytmoqda - fotosuratlar
Chegaraning ikki tomonidagilar ham o‘z uylari o‘rnida xarobalar ustidan chiqmoqda.
26 noyabr kuni kechqurun Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv tuzilgani e’lon qilingandi. 13 bandni o‘z ichiga oladigan bitimga ko‘ra, Isroil 60 kun ichida o‘z qo‘shinlarini qo‘shni mamlakat janubidan olib chiqishi, «Hizbulloh» kuchlari Litani daryosidan shimolga ketishi, janubiy chegarada ularning o‘rnini Livan xavfsizlik kuchlari va muntazam armiya egallashi lozim. Livan janubida yashovchi aholi sulh e’lon qilinganidan keyin o‘z uylariga qaytishni boshladi, ularning ko‘pchiligi uylari o‘rnida xarobalar ustidan chiqishgan.
The New York Times nashrining Planet Labs sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga asoslanib qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, noyabr oyi boshigacha Isroil mudofaa armiyasi Livan hududida mingdan ortiq binoni yo‘q qilgan — asosan mamlakat janubi va poytaxt Bayrutning janubiy chekkasida. Meys al-Jabal va Mhabib kabi ayrim qishloqlar amalda yer yuzidan supurib tashlangan. Isroil tomoni bu amaliyotdan maqsad «Hizbulloh»ning ushbu qishloqlarda joylashtirilgan infratuzilmalari, qurol omborlari, platsdarmlari va tunnellarini yo‘q qilish ekanini ma’lum qilgandi.
«Hizbulloh» zarbalari oqibatida Isroil tomonida ham vayrongarchiliklar yuzaga kelgan, ammo hozircha mahalliy aholining ko‘pchiligi sulh buzilishi va harbiy harakatlar qaytadan boshlanishidan cho‘chib, uylariga qaytishga shoshilmayapti. Quyida so‘nggi oylardagi harbiy harakatlar chegaraning ikki tomonida qanday izlar qoldirgani aks etgan suratlar.