O‘zbekiston | 16:50 / 03.12.2024
1481
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin

Yangi qonun loyihasida Sudyalar Oliy kengashi tarkibi, shu jumladan, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibi prezident taklifiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi nazarda tutilmoqda.

«Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida muhokama qilindi.

Ushbu qonun bilan «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonunga Sudyalar Oliy kengashi tarkibi, shu jumladan, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibi prezident taklifiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar Oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunga odil sudlov faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti. Shuningdek, shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid