Jahon | 16:00 / 12.12.2024
6302
3 daqiqa o‘qiladi

«Oxirigacha kurashaman». Janubiy Koreya prezidenti isyon bo‘yicha ayblovlarni rad etdi

U o‘z prezidentlik vakolatidan «millatni himoya qilish va davlat ishlarini normallashtirish» uchun foydalanganini bildirib, iste’foga chiqishdan ham bosh tortgan.

South Korean Presidential Office

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 12 dekabr kuni televideniye orqali chiqishi davomida mamlakatda harbiy holat joriy etgani uchun iste’foga chiqmasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Yonhap agentligi.

Prezident harbiy holat e’lon qilinishini o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atgan tergovchilar kabi isyon deb hisoblashdan bosh tortdi. Yun Sok Yolning ma’lum qilishicha, Milliy assambleyada (parlament) harbiy holat joriy etilganidan keyin «tartibni saqlash uchun kam sonli» qurollanmagan askarlar yuborilgan va parlament prezident qarorini bekor qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilishi bilan ular darhol olib chiqib ketilgan.

Prezident harbiy holat joriy etilishini «yuqori aniqlikda o‘ylangan siyosiy qaror» deb atadi. Yun Sok Yolning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z prezidentlik vakolatidan «millatni himoya qilish va davlat ishlarini normallashtirish» uchun foydalangan, chunki muxolifat hukumat ishini falajlab qo‘ygan.

Yuk Sok Yol muxolifat davlat xizmatchilarining impichmentiga erishish va 2025 yilgi budjetni qisqartirish orqali hukumat ishiga to‘sqinlik qilgan.

«Yirik muxolif partiya yetakchilik qilayotgan Milliy assambleya ozod demokratiyaning konstitutsiyaviy tartibini buzayotgan maxluqqa aylandi», — deydi u.

Prezident «impichment e’lon qilishini yoki tergovga tortilishidan qat’i nazar» kurashishga va’da berdi. «Men sizlar bilan birgalikda oxirigacha kurashaman», — deydi Yun Sok Yol. U harbiy holat joriy etilishi oqibatida yuzaga kelgan noqulaylik sabab mamlakat aholisidan yana bir bor kechirim so‘radi.

Prezident chiqish qilishidan oldinroq u a’zosi bo‘lgan hukmron partiya «Xalq qudrati» rahbari Han Don Hun impichmentni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Holbuki o‘tgan hafta oxirida aynan hukmron partiya pozitsiyasi tufayli parlament Yunga impichment e’lon qilolmagandi. Navbatdagi ovoz berish jarayoni shanba kuni o‘tkaziladi.

«Biz keyingi chalkashliklarning oldini olishimiz lozim. Hozir faqat bitta samarali metod bor, — degan Han Don Hun matbuot anjumanida. — Navbatdagi ovoz berishda partiyamiz deputatlari yig‘ilishlar zaliga kirishi va unda o‘z e’tiqodi va vijdonidan kelib chiqib ishtirok etishi kerak».

U impichmentni qo‘llash-qo‘llamasligi haqidagi savolga Han «Ha» deb javob bergan va boshqa yo‘li yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Janubiy Koreya Adliya vazirligi prezident Yun Sok Yol mamlakatni tark etishi taqiqlanganini ma’lum qilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid