Jahon | 09:56
4942
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kursk yaqinida KXDR harbiylari yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qildi

Shimoliy Koreya harbiylari allaqachon Kursk oblastida Ukraina Qurolli kuchlari bilan jang qilmoqda va birinchi yo‘qotishlarga uchradi, deya ma’lum qildi Pentagon. U aniq raqamlarni keltirmagan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, KXDRning kamida 30 nafar askari halok bo‘lgan yoki yaralangan.

Foto: picture-alliance/Newscom

AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR harbiylari allaqachon Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida Ukraina qo‘shinlari bilan jang qilmoqda va birinchi yo‘qotishlarga uchragan. Bu haqda 16 dekabr, dushanba kuni Pentagon vakili general-mayor Pet Rayder ma’lum qildi.

«Biz Shimoliy Koreya askarlari Kurskdagi janglarda qatnashganiga ishonamiz, ular ham halok bo‘lgani, ham yarador bo‘lganiga oid dalillar mavjud», — deya Rayder so‘zlarini keltirgan Reuters. Pentagon vakili yo‘qotishlar haqida aniq ma’lumot bermadi.

Kiyev: KXDRning kamida 30 harbiysi halok bo‘lgan yoki yaralangan

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) shu kuni birgina 14 va 15 dekabrda Shimoliy Koreya armiyasi bo‘linmalari Kursk oblastida kamida 30 kishini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar KXDR harbiylari tomonidan Sudja rayonidagi Plexovo, Vorojba va Martinovka qishloqlari hududida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga qilingan hujum paytida ro‘y bergan. Bundan tashqari, Kurilovka qishlog‘i hududida, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi bedarak yo‘qolgan.

«Yo‘qotishlar tufayli hujum guruhlari Kurskda faol jangovar harakatlarni davom ettirish uchun KXDR armiyasining 94-alohida brigadasidan yangi shaxsiy tarkib bilan to‘ldirilmoqda», deb yozadi Ukraina razvedkasi hisobotida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kechki videomurojaatida Shimoliy Koreya harbiylarining Kursk oblastidagi janglarda ishtiroki haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari KXDR jangchilari orasida yo‘qotishlarni yashirishga harakat qilmoqda. «Koreyslarning bu urushda o‘lishi uchun hech qanday sabab yo‘q. Yagona sabab — urushni kuchaytirayotgan aqldan ozish», — deya ta’kidladi Zelenskiy.

RF «harbiy muxbirlari»: KXDR askarlari Kursk oblastida jang qilmoqda

Shimoliy Koreyadan kelgan askarlar Kursk oblastining Plexovo qishlog‘ini egallab oldi. Bu haqda 12 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining bir qancha «harbiy muxbirlari» xabar berishdi.

Vladimir Romanovning ta’kidlashicha, qishloq «faqat Shimoliy Koreya maxsus operatsiyalar kuchlari tomonidan» qo‘lga olingan. «Ikki soat ichida. Bu bo‘ronga o‘xshaydi», deb yozgan «harbiy muxbir». Unga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari 300 dan ortiq askarini yo‘qotgan.

6 dekabr kuni Kursk yo‘nalishidagi Plexovo haqiqatan ham Koreya jangchilari qo‘lga kiritildi. Minalangan maydon orqali 2 km yurib, yashin tezligida kirib borishdi, — deydi Yuriy Kotenok. Uning ta’kidlashicha, «operatsiya taxminan 2,5 soat davom etgan» va shimoliy koreyaliklar «o‘lgan va yaralanganlarni o‘zlari bilan olib ketishgan».

Mavzuga oid