Trampning o‘tmishdagi kumiri. Uilyam Mak-Kinli haqida nimalar ma’lum?
U savdo bojlari joriy etgan va mustamlakalar uchun «ajoyib kichik urush» olib borgan.
![](https://storage.kun.uz/source/11/zW0PVrhtNsBilTdHhfFds56cfAmGF-0a.jpg)
Universal History Archive / Universal Images Group / Getty Images
Oq uydagi ikkinchi muddatida Donald Tramp o‘zi uchun namuna sifatida Amerikaning XIX asr oxiridagi prezidenti Uilyam Mak-Kinlini tanladi. Britaniyaning The Telegraph gazetasi jurnalisti Roland Olifantning yozishicha, ilgari Mak-Kinli birinchi navbatda o‘z o‘limi bilan tanilgandi (u AQShning lavozimda ekanida o‘ldirilgan to‘rt prezidentidan biri bo‘lgan), ammo Tramp uni Amerikaning «eng qadrlanmagan» yetakchisi deb atadi hamda Shimoliy Amerikaning 10 yil oldin qayta nomlangan eng yuqori cho‘qqisiga uning nomini qaytardi. «Meduza» Mak-Kinli qanday siyosat olib borgani va bu Trampning siyosati bilan qanday kesishishi haqida hikoya qildi.
Tramp Mak-Kinlini ko‘p bor tilga oldi. Hatto inauguratsiya nutqida ham
Donald Tramp 2024 yil iyulida Bloomberg uchun intervyusida shunday degandi: «Uilyam Mak-Kinli mamlakatimizni boy qilgan. U eng kam qadrlangan prezident bo‘lgan. Mak-Kinli pul ishlagan va u [bojxona] tariflarining haqiqiy qiroli edi».
Centyabr oyida esa Michiganda bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingida shunday dedi: «Bilasizmi, 1890-yillarda mamlakatimiz, ehtimol, har qachongidan ham boyroq edi, chunki bojlar tizimi mavjud edi. Bizda prezident ham bo‘lgan — siz Mak-Kinlini bilasiz, shundaymi? Mak-Kinli tog‘ini eslaysizmi? Keyin ular [uning] nomini o‘zgartirdi».
Bu esa — Trampning 20 yanvar kungi inauguratsiya marosimidagi nutqidan: «Prezident Mak-Kinli mamlakatimizni tariflar va iste’dodi (u tug‘ma tadbirkor edi) evaziga juda boy qildi va Teddi Ruzveltga uning ko‘plab buyuk ishlari, jumladan, keyinchalik ahmoqlik bilan Panamaga berib yuborilgan Panama kanalini qurish uchun pul qoldirdi».
- Teodor Ruzvelt 1901 yildan 1909 yilga qadar AQSh prezidenti lavozimini egallagan. Uning davrida AQSh bo‘lajak Panama kanali hududi uchun huquqni qo‘lga kiritgan va uning qurilishini boshlagan. 1979 yilda Amerika prezidenti Jimmi Karter kanal uchun huquqni Panamaga qaytargan.
Bu Trampning inauguratsiyadan keyingi ilk farmonlaridan biri: «1917 yilda mamlakatimiz prezident Mak-Kinli xotirasiga rasman hurmat bajo keltirib, Shimoliy Amerikaning eng baland cho‘qqisini uning nomi bilan atadi. Biroq, prezident Obama ma’muriyati 2015 yilda [tog‘ning nomini o‘zgartirdi]. Ichki ishlar vaziri 30 kun ichida «Mak-Kinli tog‘i» nomini tiklashi kerak».
![](https://storage.kun.uz/source/11/yxv8kzIu5rEUaByjju61GfBVxfzlbvNL.jpg)
Library of Congress / Corbis / VCG / Getty Images
Shimoliy Amerikaning Alyaskada joylashgan eng baland tog‘i (6 ming metrdan ortiq). 1917 yilda AQSh hukumati rasman «Mak-Kinli tog‘i» nomini tasdiqlaydi. 2015 yilda prezident Barak Obama bu nomni Alyaskaning tub aholisi atabaskilar ataganidek Denali deb nomlaydi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/7qa-Q-Pyex15hqw7tc1W0LeLddcK3QVa.jpg)
Apic / Bridgeman / Getty Images
Uilyam Mak-Kinli kim o‘zi?
U AQShning 25-prezidenti bo‘lib, mamlakatni 1897-1901 yillarda boshqargan. Ikkinchi muddatga saylanishidan ko‘p o‘tmay uni anarxist Leon Cholgosh otib o‘ldirgan.
Mak-Kinli «Amerikaning buyuk prezidentlari» kogortasiga mansub emas. Tarixchilarning so‘rovlarida u odatda 40 dan ortiq siyosatchi orasida 20-o‘rindan yuqoriga qo‘yilmaydi. Prezident kutubxonasi saytida uning boshqaruvi uzoq vaqt davomida «o‘rtacha» deb hisoblab kelingan. Ammo AQShda so‘nggi 10 yil ichida 25-prezident to‘g‘risida bir necha kitob chiqarildi. Ulardan birini respublikachilarning taniqli siyosiy maslahatchisi Karl Rouv yozgan — Bloomberg kolumnisti Jastin Foks uni Mak-Kinlining «asosiy promouteri» deb atagan.
AQShning 25-prezidentini chindan ham o‘rtamiyona deb bo‘lmaydi, aksincha, uni yanada taniqli 26-prezident — Teodor Ruzvelt soyada qoldirgan. Mak-Kinli Amerikadagi fuqarolar urushini boshdan kechirgan beshta yetakchidan oxirgisi edi. U AQShni rasman oltin standartiga (Mak-Kinli davrida qabul qilingan qonunga ko‘ra, Amerikaning butun valutasi to‘lig‘icha oltin bilan ta’minlangan bo‘lib, uning bir unsiyasi 20,67 dollar etib belgilangan) o‘tkazdi va Panama orqali kemalar qatnaydigan kanal qurish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Ammo Tramp (endi Mak-Kinlining «bosh promouteri» u) uni birinchi navbatda proteksionizm va imperializmi uchun ulug‘laydi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/P5T6bMPKY-g0OYE106_jXJeKXXKoGazK.jpg)
Universal History Archive / Universal Images Group / Getty Images
![](https://storage.kun.uz/source/11/UdV36uZPfcVYB4xFMngeEB16Z1KBuX8L.jpg)
Photo12 / Universal Images Group / Getty Images
Mak-Kinli bojlarni qanday joriy qilgan?
Prezidentlikka saylanishidan oldin Mak-Kinli kongressmen bo‘lgan va import tovarlariga bojlarni oshirish uchun shunchalik faol kurashganki, 1890 yilda qabul qilingan va import yig‘imlarini 38 foizdan 49,5 foizga oshirgan qonun uning sharafiga nomlangan. Tanqidchilar bu yirik biznes uchun foydali, qolganlar uchun esa faqat narxlarni oshirganini aytishadi. Ko‘tarilgan norozilik fonida respublikachilar Kongressdagi ko‘pchilik o‘rinni, ikki yildan so‘ng esa prezidentlik lavozimini ham demokratlarga bo‘shatib beradi.
Biroq bu Mak-Kinlining karerasiga zig‘ircha ham zarar yetkazmadi. 1891 yilda u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ohayo shtati gubernatori, 1897 yilda esa AQSh prezidenti bo‘ladi. U ilgari demokratlar pasaytirgan import bojlarini yana oshiradi, ammo prezidentlik muddati oxiriga kelib (ichki bozor haddan tashqari to‘yingani sababli) mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tariflarni pasaytirishni qo‘llab-quvvatlay boshlaydi. 1901 yilda, o‘limidan oldingi so‘nggi nutqida Mak-Kinli shunday degandi: «Biz sotishimiz mumkin bo‘lgan hamma joyda sotishimiz va xarid bizning savdomiz va ishlab chiqarishimizni oshiradigan hamma joyda sotib olishimiz kerak». Va «savdo urushlari foyda keltirmasligi»ni qo‘shimcha qiladi.
Ammo gap Mak-Kinlining bojlardan hafsalasi pir bo‘lganida emas, balki ular o‘z davrida iqtisodiyotga katta ta’sir ko‘rsatmaganida. Amerika import bojlari butun XIX asr davomida yuqori bo‘lib, asr boshida asr oxiriga qaraganda ancha yuqori edi. 1890-yillar davomida respublikachilar goh ko‘targan, goh demokratlar pasaytirgan bojlar taxminan bir xil darajada o‘zgarib turadi. Ular yalpi ichki mahsulotning 1 foizini tashkil etadi va davlat xarajatlarini moliyalashtirishga yordam beradi, ammo AQSh farovonligining asosi emasdi. Iqtisodiyotga temiryo‘llar va portlarning keng ko‘lamli qurilishi, shuningdek, ommaviy immigratsiya asosiy turtkini bergandi.
Yuqori boj siyosatiga qaytish hozir ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Fuqarolar urushigacha bojlar Amerika hukumatining deyarli barcha daromadlarini tashkil etgan, ammo Birinchi jahon urushi davrida ularning ulushi asosiy bo‘lmay qoladi, Ikkinchi jahon urushi davrida esa arzimas miqdorga aylanib qoladi. Bu ham erkin savdoga bosqichma-bosqich o‘tish, ham AQSh hukumati xarajatlari o‘sishi bilan bog‘liq edi. Hozir ular yalpi ichki mahsulotda Mak-Kinli prezidentligi davridagiga qaraganda o‘n baravar ko‘proq ulushga ega va hatto boj to‘lovlari daromadining ikki, uch yoki to‘rt baravar oshishi ham vaziyatni o‘zgartirmaydi, deb tushuntiradi Bloomberg kolumnisti Jastin Foks.
![](https://storage.kun.uz/source/11/wJnGsD0s6qEajmpzza7s82o8Bpjfxc2o.jpg)
MPI / Getty Images
Mak-Kinli hududlarni qanday qilib egallagan?
Shimoliy Amerikadagi eng baland tog‘ga Mak-Kinli nomini qaytarar ekan, Tramp AQShning 25-prezidenti davrida «tezkor iqtisodiy o‘sish va farovonlikka erishilgani, bu hududlar kengayishi hisobiga ham bo‘lgani»ni ta’kidladi. The New York nashri aniqlik kiritishicha, AQSh oxirgi bor Mak-Kinli boshqaruvi davrida «katta hududlarni egallab olgan».
Gap 110 kun davom etgan ispan-amerika urushi natijasida AQShning mustamlakasiga aylangan Filippin, Guam va Puerto-Riko haqida ketmoqda. Sulh shartlariga ko‘ra, Ispaniya Kuba ustidan nazoratdan ham voz kechadi. Bundan tashqari, AQSh shu paytgacha rasman mustaqil bo‘lib kelgan Havayi orollarini anneksiya qilish uchun Ispaniya bilan mojarodan bahona sifatida foydalangan. Anneksiya tarafdorlari Havayi Amerika iqtisodiyoti uchun juda muhimligi va agar u AQSh tomonidan egallab olinmasa, boshqa davlatlar tomonidan egallab olinishini ta’kidlashadi.
Mak-Kinli tug‘ilib o‘sgan shaharda faoliyat yurituvchi memorial kutubxona saytida «bu yerlar qo‘shib olinishi bilan AQSh derjavaga aylangani» aytilgan. Bo‘lajak davlat kotibi va Panama kanali hududini AQShga o‘tkazish tashabbuskori Jon Hey Ispaniya bilan mojaroni «ajoyib kichik urush» deb atagandi. Shu bilan birga, AQSh bu urushda 2 ming askarini yo‘qotgandi — Filippin bilan urushda yana 4 mingga yaqin askar qurbon bo‘ladi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/wD0nvXrHSPbZCRWPhByGUanH9Yp4tnT6.jpg)
Photo12 / Universal Images Group / Getty Images
Filippin 40 yilcha vaqt davomida AQSh nazorati ostida qoladi: 1941 yilda orollarni Yaponiya ishg‘ol etadi va 1946 yilda ular mustaqillikka erishadi. Amerikaliklar Kubani 1959 yilgacha, Fidel Kastro amerikaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan diktator Fulxensio Batistani hokimiyatdan ag‘darmaguncha — va The Washington Post kolumnisti Maks Butning ta’biri bilan aytganda, Kubani AQShning «biqinidagi zirapcha»ga aylantirmagunicha nazorat qilishadi. Ammo AQSh Havayi, shuningdek, Puerto-Riko va Guam ustidan nazorati hali ham saqlab qolmoqda.
Bularning bari Tramp siyosati bilan qanday mos keladi?
Tramp Mak-Kinlining proteksionizmi va imperializmini e’tirof etadi, chunki bu uning siyosiy maqsadlariga mos keladi. U bojxona to‘lovlarini o‘z iqtisodiy kun tartibining markaziy nuqtasiga aylantirib, Meksika va Kanadadan import uchun 25 foiz, Xitoy tovarlari uchun 60 foizgacha, qolgan barcha tovarlar uchun 20 foizgacha yig‘im joriy etishga va’da bergandi. «Agar bojlardan qutulmoqchi bo‘lsangiz, [zavodlarni] shu yerda, Amerikada quring», — degandi Tramp. Shu bilan birga, jurnalistlar va ekspertlar bojlarni o‘z mahsulotlarini AQShga sotadigan mamlakatlar emas, balki o‘z xarajatlarini amerikalik iste’molchilarga yuklashi tayin bo‘lgan Amerika importchi kompaniyalari to‘lashidan ogohlantirmoqda.
Trampning kun tartibidagi yana bir muhim punkt — AQShga «o‘sib borayotgan millat» maqomini qaytarish va’dasi. U amerikaliklar Grenlandiya va Panama kanalini nazorat qilishi kerakligini ta’kidlaydi — va buning uchun kuch ishlatishni istisno qilmaydi, garchi uning tahdidlari manzillari Daniya va Panama AQShning harbiy va savdo hamkorlari bo‘lsa ham. Tramp bu tahdidlarni amalga oshirishga tayyormi yoki yo‘qligini aytish qiyin, ammo har qanday holatda ham «uning Amerika uchun davolash retsepti uning jismoniy mavjudligini kengaytirishni o‘z ichiga oladi», deb yozadi The New York Times’ning Oq uydagi muxbiri Devid Sanger. Va qo‘shimcha qiladi: «Tabiiyki, bu shunday ishni amalga oshirgan oxirgi prezidentni qahramonga aylantiradi».
Tramp o‘zini Mak-Kinliga qiyoslab, Amerikaning «oltin davri»ni qaytarishga va’da bermoqda. Ba’zilar ular o‘rtasida boshqa o‘xshashlik ham topadi. Tramp ikkinchi muddatga saylanishiga Ilon Mask yordam berdi. Mak-Kinlida esa ohayolik badavlat tadbirkor Mark Hanna bor edi, u siyosatchini bankrotlikdan olib chiqqan va saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ to‘plagan. Hanna «Siyosatda ikki narsa muhim. Birinchisi — pul. Ikkinchisi qaysiligi esa yodimda yo‘q» iborasi bilan mashhur.
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/ghGeEbG1eVyq8PSTXOp3oB7cGLaHxLvo_medium.jpg)
08:00 / 11.02.2025
Tramp garovga olinganlarni qaytarishdan bosh tortgani uchun Hamasga «jahannam» bilan tahdid qildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/yb_y38WAUiK5srxuvZKGUOWzMozWxtFP_medium.jpg)
07:40 / 11.02.2025
Tramp po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik bojlarni joriy qildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/Bs5MDR6IX7hVrLOoghX5jYdUGRdOpZhj_medium.jpeg)
07:21 / 11.02.2025
Trampning XJSga qarshi sanksiyalari Putin uchun sovg‘a - Newsweek
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/5Omd4LcUVGhDxwlTjFv_yoxr1jDXJ72B_medium.jpg)
07:19 / 11.02.2025