Jahon | 18:04 / 21.02.2025
1819
7 daqiqa o‘qiladi

Urush va saylov: Ukrainada hozir kimning reytingi baland?

Rossiyani eng uzoq vaqt boshqarish bo‘yicha Brejnevning natijasini yangilab, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan Vladimir Putin 2019 yil Ukrainadagi saylovni yutib prezident bo‘lgan Volodimir Zelenskiyni nolegitim deb atashni shablon ritorikaga aylantirdi. Bu gap Donald Trampga shunchalik yoqib qoldiki, oxirgi chiqishlarida uni tez-tez takrorlayapti.

Chindan Zelenskiyning prezidentlik vakolatlari o‘tgan yil tugashi, 2024 yil 31 mart kuni saylov o‘tkazilishi kerak edi. Biroq Kiyev urush holatida bo‘lgani uchun saylovni bekor qilgan. Endi kimsan Amerika va Rossiya Kiyevdan saylov o‘tkazishni talab qilmoqda. Moskva Zelenskiy saylovda yuta olmasligiga Vashingtonni astoydil ishontirgan ko‘rinadi. Bo‘lmasa Tramp Zelenskiyning reytingi 4 foizga tushib ketgan deb aytmagan bo‘lardi.

Ukrainani saylovga undashdan asosiy maqsad esa tabiiyki, Moskvaga moyil nomzod g‘olib bo‘lishiga umid qilishdir. Balki biror o‘ylab qo‘yganlari ham bordir, axir Kiyevdan saylov o‘tkazishni talab qilayotgan odamlar orasida saylovda yutishning piri bo‘lib ketgan gigant siyosatchilar bor.

Xo‘sh, Ukrainada saylov bo‘lsa, unda kimlar qatnashishi va g‘olib bo‘lishi mumkin? Bu borada hozircha hech kimda aniq tasavvur yo‘q. Biz ham faqat oxirgi so‘rovlarga asoslangan taxminlarni keltiramiz.

Valeriy Zalujniy

Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, hozir mamlakatning Kiyevdagi elchisi bo‘lib ishlayotgan Valeriy Zalujniy hech qanday piar kampaniya olib bormaydi, uning imiji ustida polittexnologlar ishlamaydi, elchixonaga ham shevronli yashil kurtkada borib qo‘yaveradi. Ammo general Zalujniy shubhasiz 2022 yil 24 fevraldan buyon ukrainlar eng qattiq ishonadigan odam. Axir sarosimaga tushgan mamlakat kapitulyatsiya bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay uni saqlab qolgan qo‘mondon aynan Valeriy Zalujniy edi. Uning xizmatlarini Zelenskiy ham ko‘p marta ta’kidlagan.

Active Group o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, ukrainlar ishonch bildirishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hamon Zalujniyga tegishli. Uning reytingi 61 foizdan balandroq va bu juda zo‘r ko‘rsatkich. Jurnalistlar Zalujniydan saylovda qatnashasizmi deb so‘rashdi, general hozir bu haqda gapiradigan vaqt emasligini aytdi.

Kirilo Budanov

Xuddi shu ijtimoiy tashkilot o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra 50 foizdan ko‘proq ukrainaliklar mamlakat bosh razvedkachisi Kirilo Budanovga ishonadi. General Budanov 2020 yildan buyon Ukraina mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari vazifasida ishlab keladi.

Urushgacha harbiylar orasida juda katta obro‘ga ega bo‘lgan Budanov 2022 yil 24 fevraldan keyin tez-tez omma oldida ko‘rinish berdi, intervyular orqali o‘z shaxsiyati haqida bilib olishga imkon yaratdi. Qrimda katta bo‘lgan Budanov Ukraina bosh razvedka tashkilotining elit brigadasida maxsus topshiriqli guruhni boshqargan. 2014 yildagi urushda qatnashib yaralangan. Uning asosiy vazifalaridan biri dushman hududiga o‘tib maxsus operatsiyalarni o‘tkazish bo‘lgan.

Rossiya Budanovni o‘ldirish uchun bir nechta operatsiyalar o‘tkazgan, bir safar uning o‘limi haqida ham xabarlar tarqalgandi. Budanov AQSh Markaziy razvedka byurosi bilan yaqin aloqada ekani aytiladi. U Donbassda yaralanganida AQShga davolanish uchun maxsus bort bilan olib ketilgan. Urush boshidan buyon Rossiya ichida amalga oshirilgan qator suiqasdlar tashkilotchisi aynan Budanov ekani aytiladi.

AQSh va Rossiya kimni xohlayapti?

Vashington va Moskva bejizga saylov masalasini qayta-qayta ko‘tarmayotgani aniq. Katta ehtimol ular Zelenskiyning o‘rniga ko‘zlayotgan nomzod bor. Lekin bu Viktor Medvedchuk yoki Viktor Yanukovich emasligi aniq. Rossiyaga ishlashi kunday ravshan bo‘lgan bu odamlarga ukrainlar ovoz bermaydi.

U holda boshqa nomlarga to‘xtalish kerak bo‘ladi. Aytaylik, bunday odam ham Tramp ma’muriyatini qo‘llashi, ham Rossiyaga yoqadigan gaplarni aytadigan bo‘lishi va albatta, juda mashhur bo‘lishi kerak. Lekin Ukrainada bunday nomzod bormi? Bor, Oleksiy Arestovich.

U hozir Amerikada yashaydi va anchadan beri Trampni maqtab keladi. Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning aytishicha, Arestovich Amerika respublikachilari bilan yaqin aloqada. Ukrainada uni Rossiyaga ishlashda ham ayblashgan. O‘tgan yil boshida Arestovich prezidentlik saylovida qatnashishi haqida e’lon qilib targ‘ibot ham boshlagandi. Lekin keyin saylov bekor bo‘ldi.

Arestovich Ukraina aholisi orasida mashhur, urush boshida uning reytingi baland bo‘lgan. O‘shanda siyosatchi Zelenskiy ma’muriyatida maslahatchi bo‘lib ishlardi. Donbass va Kiyevdagi janglar uchun orden olgan, podpolkovnik harbiy darajasi ham bor. Arestovich Rossiya va AQSh uchun ayni muddao odam, lekin u Ukrainaga qaytib saylov kampaniyasi o‘tkazishi qiyin masala.

Sobiq prezident Poroshenko nomzodi ham Tramp va Putinni qoniqtirishi mumkin. Chunki u muzokarabop odam, uzoq talashib o‘tirmaydi. Agar yaqinda ustidan ochilgan jinoiy ish xalaqit bermasa, Poroshenko saylovda qatnashib yutishi mumkin, chunki konstitutsiya bo‘yicha unda saylanish uchun yana bir imkoniyat bor.

Lekin

Biroq agar saylov o‘tkaziladigan bo‘lsa, unda katta ehtimol amaldagi prezident Volodimir Zelenskiy g‘olib bo‘ladi. Chunki uning Ukrainadagi reytingi 4 foiz emasligini Tramp ham bilsa kerak. Kiyev ijtimoiy instituti o‘tkazgan oxirgi so‘rovda Zelenskiyning reytingi 57 foiz ekani qayd etilgan.

Ukraina oxirgi uch yilda juda qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Ukrainlar xalq bilan hisoblashmagan rahbarni bir kunda ag‘dara olishini isbotlab bo‘lgan. Agar ular urushning bosh aybdori Zelenskiy deb bilishsa, uni allaqachon ag‘dargan bo‘lishardi, menimcha. Ukraina jamiyati dunyodagi eng katta davlat bostirib kirganda parokanda bo‘lib ketmadi. AQSh va Rossiyaning siyosiy bosimi ham ularni parchalay olmasa kerak. Balki biz xato fikrlayotgandirmiz. Omon bo‘lsak ko‘ramiz...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid

E`lonlar