O‘zbekiston | 14:43 / 01.03.2025
1909
2 daqiqa o‘qiladi

Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklar uchun sanksiyalar qanday qo‘llanadi?

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Moliyaviy sanksiyalar tarzidagi huquqiy ta’sir choralari quyidagilardan foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi:

• neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazi;
• tabiiy gaz;
• elektr energiyasi;
• issiqlik energiyasi;
• sertifikatlanmagan energetika uskunalari, tarmoqlari va energiya ta’minoti tizimlari elementlari;
• shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini tekshirish va ekspertizadan o‘tkazishda sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda. 

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan huquqbuzarlik to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi, dalolatnoma xo‘jalik yurituvchi sub’yekt rahbari tomonidan imzolanadi. Dalolatnomani imzolash rad etilganda, u sub’yektga pochta orqali yuboriladi. 

Dalolatnoma asosida 5 kun ichida sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. 

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda bir oy ichida to‘lashlari mumkin. Aks holda vakolatli organ majburiy undirishni so‘rab sudga murojaat qiladi.

Agar birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan bo‘lsa, moliyaviy sanksiya qo‘llanmaydi.

Mavzuga oid