Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
3 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Samarqandda hojatxonadan qutqarilgan chaqaloq, yangi ichki ishlar vaziri, iqtisodiyotda xususiy sektor roli va bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keluvchi o‘quvchilar soni — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Samarqandda chaqaloq hojatxonaga tushib ketdi
Samarqandda mutlaqo kutilmagan sharoitda dunyoga kelgan chaqaloq qutqarib qolindi.
Homilador ayollardan biri tez yordam punktining hovlisida joylashgan hojatxonaga kirgan chog‘da ko‘zi yoriydi va holsizlangan holda chaqalog‘ini ehtiyotsizlik bilan hojatxona teshigiga tushirib yuboradi.
Chaqaloqni qutqarish uchun qutqaruv xizmati chaqiriladi va ular yetib kelgunga qadar ichki ishlar xodimlari zudlik bilan devorni teshishga kirishadi, chaqaloqni kanalizatsiya handaqi ichidan chiqarib olishadi
Qutqarilgan chaqaloqning ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilinmoqda.
Fuqaro itlar hujumiga duchor bo‘lgani rad etildi
Avvalroq Toshkent shahrining Qoraqamish dahasida 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro ko‘chadagi daydi itlar hujumi tufayli vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqatilgan edi.
Toshkent shahar hokimligi bu xabarlarni rad etib chiqdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ko‘chada vafot etgan shaxs o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Hokimlik hech qanday itlar hujumi sodir bo‘lmaganini bildirib, aholini rasmiy manbalarga ishonishga va noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Quvasoy shahri hokimi jinoiy ta’qibda
Quvasoy shahrida shahar hokimining qarori bilan ko‘pyillik 270 tup daraxtlar noqonuniy ko‘chirilishi oqibatida tabiatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Ekologiya vazirligi holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, shahar hokimligi auksionga qo‘yilgan yerda daraxtlar mavjudligini inobatga olmasdan, qurilish ishlari uchun qaror qabul qilgan. Ekologik bo‘lim qarshiligiga qaramay, mansabdor shaxslarning ko‘rsatmasi bilan obodonlashtirish xodimlari 11–14 fevral kunlari 270 tup daraxtni boshqa joylarga ko‘chirgan. Buning natijasida 9 tup daraxt ko‘chirish jarayonida nobud bo‘lgan.
Daraxtlar xavfli hududlarga ko‘chirib o‘tqazilgani sababli ularning qurib ketish ehtimoli yuqori. Prokuratura holatga huquqiy baho berishni boshladi.
Aziz Toshpo‘latov — yangi ichki ishlar vaziri
O‘zbekistonda ichki ishlar vaziri o‘zgardi. Po‘lat Bobojonov o‘rniga Aziz Toshpo‘latov tayinlandi. U bu lavozimgacha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
Prezident farmoniga asosan, general-mayor Aziz Toshpo‘latov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullandi. U 1978 yilda tug‘ilgan, avval Namangan va Samarqand viloyatlarida IIB boshlig‘i, IIVning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2020 yildan Toshkent shahri IIBBni boshqarib kelgan.
U IIV rahbari sifatida Po‘lat Bobojonov o‘rnini egalladi. Bobojonov 2017 yildan buyon ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan, 2019 yilda general-leytenant unvonini olgan. Hozircha uning iste’fosi sabablari rasman ma’lum qilinmadi.
Bir o‘qituvchiga necha o‘quvchi?
O‘zbekistonda o‘rta ta’lim muassasalarida bir o‘qituvchiga o‘rtacha 12 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelayotgani ma’lum qilindi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 17 o‘quvchi, eng kam Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9 o‘quvchi.
Hududlar kesimida bu raqam Andijon va Toshkent viloyatlarida 14, Namangan va Samarqand viloyatlarida 13, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida 12, boshqa viloyatlarda esa 11 nafarni tashkil etmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar o‘quvchi-o‘qituvchi nisbatidagi farqni aks ettirib, ta’lim sifatini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Iqtisodiyotda xususiy sektor roli kengaymoqda
Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyotda raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish choralari belgilandi.
Endilikda davlat va yakka tartibdagi sub’yektlarga berilgan mutlaq imtiyozlar agar ular qonunchilik yoki maxsus ruxsatnoma asosida berilgan bo‘lsa, eksklyuziv huquq sifatida tan olinadi.
Biroq tender yoki tanlov asosida berilgan litsenziyalar bunday hisoblanmaydi. 2025 yil 1 apreldan eksklyuziv huquqlar faqat 3 yilgacha muddatga va aholining xavfsizligi, tabiiy ofatlar yoki mudofaa sohasidagina taqdim etilishi mumkin.
Bu tadbirkorlik muhitini yaxshilash va monopoliyani cheklashga qaratilgan.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026