Jahon | 19:51 / 03.03.2025
3338
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada mashina odamlar ustiga haydaldi. Halok bo‘lganlar bor

Ta’kidlanishicha, avtomobil Manheym shahridagi Galeria Kaufhof savdo markazi yaqinidagi odamlarni bosib ketgan. Mashina haydovchisi qo‘lga olingani aytilmoqda.

Foto: AP

Germaniya janubi-g‘arbidagi Manheym shahrida avtomobil odamlar ustiga haydaldi, deb xabar beradi mahalliy Mannheim 24 nashri. Ma’lumotlarga ko‘ra, qora yo‘ltanlamas shahar markazi bo‘ylab katta tezlikda harakatlangan; bir necha kishi jarohat olgan.

Manheym shahridagi universitet shifoxonasi intensiv terapiya bo‘linmasida «trevoga» e’lon qilingan. Mannheimer Morgen nashrining yozishicha, hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan. Bild’ning xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni ikki kishini tashkil etmoqda.

Tabloid ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil Galeria Kaufhof savdo markazi yaqinidagi piyodalar hududida bo‘lgan odamlarni bosib ketgan. Mazkur hududda, shuningdek, yarmarka faoliyat yuritmoqda. Mashina haydovchisi qo‘lga olingani aytilmoqda.

Manheym politsiyasining qayd etishicha, shahar markazida operatsiya o‘tkazilmoqda. OAVga ko‘ra, Manheymda yo‘l va ko‘priklar yopilgan, shahar ustida vertolyot aylanmoqda.

Bu Germaniyada uch oy ichida uchinchi marotaba odamlar ustiga mashina haydalishidir. 20 dekabr kuni Magdeburgdagi rojdestvo yarmarkasida yuz bergan voqea oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq inson jarohat olgandi.

13 fevral kuni esa mashina Myunxenda o‘tkazilgan kasaba uyushmalari namoyishi ishtirokchilari ustiga haydalgan edi. Oqibatda 28 kishi jarohat olgandi. Politsiya avtomobilni boshqargan 24 yoshli afg‘onistonlikni qo‘lga olgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid