Jahon | 23:25 / 04.03.2025
4434
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada o‘rmon yong‘inlari 2,6 ming gektar maydonni qamrab oldi

Alanga Ofunato shahri hududining 8 foizini kulga aylantirgan. Yong‘in xavf tug‘dirayotgan joylardan 1,2 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Foto: Japan Forward

Yaponiya shimoli-sharqidagi Ivate prefekturasida boshlangan o‘rmon yong‘inlari olti kundan beri davom etmoqda. Alanga hozirga qadar Ofunato shahri hududining 8 foizini kulga aylantirdi, deb yozadi NHK.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, 3 mart kuni tongdan beri yana 500 gektar maydon yonib ketgan va 4 mart soat 06:00 holatiga ko‘ra, alanga qamrab olgan jami hudud 2,6 ming gektarga yetgan.

Hozirda yong‘inni o‘chirishga qariyb 2 ming o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan, Mudofaa kuchlari vertolyotlari esa havodan suv sepmoqda.

Prefektura ma’muriyatining ma’lum qilishicha, yong‘in Sanrikutyo Ryori tumaniga ham tarqalgan. Ofunato ko‘rfazidan shimoli-sharqda joylashgan Akasakityo Nagasaki yaqinidagi o‘rmonlarda ham tutun borligi tasdiqlangan.

Shahar hukumati Sanrikutyo va Akasakityo hududlari aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruq bergan. 4 mart kuni soat 07:00 holatiga ko‘ra, 12 ta obektdan 1215 kishi evakuatsiya qilingan.

Prognozlarga ko‘ra, 5 mart kuni yarim tundan erta tongga qadar qor yog‘ishi va u tushdan boshlab yomg‘irga aylanishi kutilmoqda.

Avvalroq 26 fevral kuni boshlangan yong‘in bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani va 80 dan ortiq uyni kulga aylantirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid