Jahon | 18:20 / 13.03.2025
4390
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning sa’y-harakatlari AQSh federal xarajatlarini qisqartira olmadi

Fevral oyida Qo‘shma Shtatlar federal budjetining xarajatlari 603 mlrd dollarga oshgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: AP

AQSh federal budjetining xarajatlari fevral oyida 603 milliard dollarga oshdi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2024 yil fevral bilan taqqoslaganda xarajatlar 40 milliard dollarga, ya’ni 7 foizga oshgan. Va bu federal budjet xarajatlarini qisqartirishni maqsad qilgan Ilon Mask hamda u rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) faoliyatiga qaramay ro‘y bermoqda.

Newsweek nashrining yozishicha, DOGE Donald Tramp prezidentligining birinchi oyi yakunlari bo‘yicha bergan hisobotida 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ni tejashga muvaffaq bo‘lgani ko‘rsatilgan — bu har bir soliq to‘lovchi uchun 652 dollar demak.

Ammo bu federal xarajatlar oshishini qoplamagan, xarajatlar rostdan ham qisqargani to‘g‘risida esa faqat bir nechta federal idora xabar bergan xolos. Ular orasida Veteranlar ishlari bo‘yicha, Transport, Adliya vazirliklar hamda Davlat departamenti bor.

Tesla va SpaceX bosh direktori Ilon Mask Donald Trampni saylovoldi kampaniyasi vaqtida faol qo‘llab-quvvatlagan va uning asosiy homiysiga aylangan edi. Saylovdagi g‘alabadan keyin ushbu milliarder Tramp ma’muriyatida Hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimini oldi, uning vazifasi o‘zining so‘zlariga ko‘ra, budjet xarajatlarini, shishirilgan apparatlarni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashishdan iborat.

Mask va Tramp DOGE «byurokratiyani yo‘q qilishi»ni va’da qilgan. Ushbu departament Amerika hukumati faoliyatining samardorligini oshirishi va bir yarim yildan keyin tugatilishi kerak.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid