Jahon | 10:12 / 18.03.2025
21847
6 daqiqa o‘qiladi

Ovloq va xavfli joy. Antarktidadagi bazada olimlar o‘z hamkasbidan qutqarishni so‘ramoqda

Janubiy Afrikaning Antarktidadagi Sanae IV tadqiqot bazasida ishlovchi olimlar guruhi a’zolaridan birining tajovuzkor xatti-harakatlari tufayli yordam so‘ragan. Bezori ekspeditsiyaning boshqa ishtirokchilarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan va jamoa a’zolaridan birini zo‘rlagan. Muammo shundaki, bazaga yetib borish juda qiyin va uzoq vaqt oladi.

Foto: The Times

 

Meteorologlar, muhandislar va tibbiy mutaxassislardan iborat olimlar guruhi South Africa's Sunday Times gazetasiga yuborgan elektron xatda xabar berilishicha, tajovuzkor xodim allaqachon jamoaning bir a’zosiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishlatgan, shuningdek, boshqasini o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Mojaro ishtirokchilarining ismlari ochiqlanmagan.

«Afsuski, [uning] xatti-harakatlari shu darajaga yetdiki, bu bizni chuqur tashvishga solmoqda. Xususan, unga [ismi keltirilmagan] nisbatan zo‘ravonlik ishlatgan, bu shaxsiy xavfsizlik shartlari va ish standartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi», – deya maktubdan parcha keltiradi nashr.

Maktub mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, bezori xodim butun guruh uchun xavf tug‘diradi.

Britaniyaning Times nashri yozishicha, olimlardan maktub o‘tgan haftadayoq kelgandi.

Og‘zaki tortishuvdan jismoniy zo‘ravonlikkacha

Janubiy Afrikaning Sanae IV tadqiqot bazasi Afrikaning eng janubiy nuqtasidan taxminan 4000 km masofada joylashgan.

Uzoqlik va murakkab ob-havo sharoiti tufayli olimlarni qisqa vaqt ichida evakuatsiya qilish deyarli imkonsiz. U yerga borish uchun ob-havo qulay bo‘lganda taxminan ikki hafta vaqt talab etiladi.

Janubiy Afrikaning Sanae IV tadqiqot bazasi Afrikaning eng janubiy nuqtasidan taxminan 4000 km masofada joylashgan.

Janubiy Afrika Respublikasidan kelgan tadqiqot guruhi dengiz konteynerlariga o‘xshash modulli vagonlarda yashaydi. Jamoa tarkibida jami to‘qqiz kishi bor. Ular yana 10 oy birga bo‘lishi kerak, ammo hozir mamlakat rasmiylari jamoadagi muhitni normallashtirish va guruhning muammoli a’zosini olib ketish yo‘lini topish ustida bosh qotirmoqda.

Times nashri yozishicha, JAR atrof-muhit vaziri Dion Jorj olimlar jamoasi bilan shaxsan gaplashmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

«Avvaliga guruh rahbari va o‘sha odam o‘rtasida og‘zaki tortishuv bo‘lgan. Keyin vaziyat yomonlashgan, keyin u ekspeditsiya rahbariga hujum qilib, jismoniy kuch ishlatgan», – deydi vazir.

Dion Jorjning aytishicha, dastlabki surishtiruv maktubda tilga olingan odam, katta ehtimol bilan, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan biror harakatni darhol amalga oshirish niyatida emasligini ko‘rsatgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik allaqachon «shoshilinch aralashuv zarurati» bilan Norvegiya va Germaniyadagi hamkasblarga murojaat qilgan. Ushbu mamlakatlar ham Antarktidada ilmiy-tadqiqot bazalariga ega bo‘lib, ular Sanae IV yaqinida joylashgan.

South Africa's Sunday Times nashri yozishicha, olimlar Sanae IV bazasidan taxminan 300 km masofada joylashgan nemis tadqiqot bazasiga evakuatsiya qilinishi ehtimoli yuqori.

«Juda va juda ovloq joy»

Shu bilan birga, vazir Antarktidadagi olis bazada yashash sharoitlarining o‘zi guruh a’zolarining ruhiy holati yomonlashishiga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

«Siz tor sharoitda bo‘lish qanday bo‘lishini tasavvur qilishingiz mumkin va odamlar haqiqatan ham asabiylashishni boshlaydi. Odam bunday holatda yo‘nalishini yo‘qotishi mumkin», –  dedi Dion Jorj.

O‘tgan yili Janubiy qutbga chang‘i ekspeditsiyasini amalga oshirgan olim Alan Chembers Times nashriga bergan intervyusida baza joylashgan joy juda olis hudud bo‘lib, bazada yashash koinotda bo‘lish bilan bir xilligi, u yerdagi olimlar tashqi dunyo bilan aloqadan deyarli mahrumligini aytadi — odamlar to‘liq izolyatsiyada, qattiq sovuq tufayli tashqariga chiqolmaydi. Lekin ekspeditsiyaga jo‘natilishidan oldin barcha nomzodlar sinchiklab ruhiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

«Psixologik nuqtayi nazardan bu juda va juda ovloq joy. Odamlar bilan ham, hayvonlar bilan ham aloqa deyarli yo‘q. Shuning uchun, agar siz lagerda yoki tadqiqot markazida bo‘lsangiz, yarim yil, hatto bir yil davomida bu odamlar bilan birga bo‘lishga majbursiz», – deydi u.

Sanae IV bazasi qoyada joylashgan va u yerda ob-havo sharoiti juda og‘ir. Qishda bu hududda o‘rtacha havo harorati minus 23 daraja, shamol tezligi esa soniyasiga 60 metrgacha yetishi mumkin.

«Psixologik nuqtayi nazardan, vaziyat tobora keskinlashyapti, deb o‘ylayman. Atrof oppoq — na ranglar, na tovushlar, na siz odatiy deb bilgan boshqa narsalar bor. Shu sababli barcha odamlarning, jumladan o‘zingizning ham xatti-harakatingiz o‘zgaradi va mayda-chuyda narsalar muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi [...] shuning uchun agar sizda kimdir bilan kichik mojaro bo‘lsa, u katta muammoga aylanishi mumkin», – deb tushuntiradi tajribali tadqiqotchi Alan Chembers.

 

 

Mavzuga oid

E`lonlar