Jahon | 22:08 / 25.03.2025
5612
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada 2 ming yillik tarixga ega xazina topildi

Olimlarning taxminicha, ushbu topilma Angliya shimolini nazorat qilgan kelt qabilasi – Brigantlarga bog‘liq.

Foto: The Guardian

Buyuk Britaniyaning Nort-Yorkshir grafligida milodiy I asrga oid eng yirik xazina topilib, o‘rganildi. Tahlillar ushbu topilma mamlakatning shakllanish tarixiga yangicha nazar bilan qarash imkonini berishini ko‘rsatdi, deb yozadi The Guardian.

Qayd etilishicha, xazina 2021 yilda Melsonbi qishlog‘i yaqinidagi maydondan topilgan. Uni Piter Xeds ismli mahalliy fuqaro metall izlovchi qurilma yordamida aniqlagan. Erkak noodatiy narsaga duch kelganini anglab, Durham universiteti arxeologiya professori Tom Murga murojaat qilgan va to‘laqonli qazish ishlarini tashkillashtirishda yordam bergan.

Arxeologlar yerdan milodiy I asrga tegishli 800 dan ortiq buyumlarni qazib olgan. Aynan shu davrda rimliklar imperator Klavdiy boshchiligida Britaniya orollariga hujum qilgan. Olimlarning aniqlashicha, topilma Angliyaning shimolini nazorat qilgan kelt qabilasi – Brigantlar bilan bog‘liq.

Artefaktlar orasida ot-aravalarga tegishli buyumlar, 28 ta g‘ildirak to‘g‘ini, kamida 14 ta ot uchun jabduqlar, tantanali marosimlarga mo‘ljallangan nayzalar va ikkita hashamatli bezatilgan qozon bor. Arxeologlarning fikricha, ulardan biri vino aralashtirish uchun ishlatilgan. Ba’zi bezaklar marjon va rangli shishadan tayyorlangan. Xazinaning qiymati 254 ming funt sterlingga baholangan.

Professor Murning ta’kidlashicha, topilma Buyuk Britaniya tarixini anglash imkonini beradi. Uning aytishicha, mintaqaning shimoliy qismi aslida qashshoq bo‘lmagan, aksincha, shimoliy qabilalar nisbatan badavlat yashagan va juda yaxshi rivojlangan savdo aloqalarini o‘rnatgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Avstriyada suv quvuri ustasi 30 kilogramm og‘irlikdagi tilla tangalar yashirilgan xazinani topib olgani, ularning qiymati 2 million funt sterlingga (2,5 mln dollar) baholangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid