Jamiyat | 22:16 / 29.03.2025
3145
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qarovsiz qolgan o‘zbekistonlik bolalar vatanga qaytarildi

Bolalar o‘z oilasiga va vasiylik bilan homiylik tayinlangan holda yaqin qarindoshlariga topshiriladi.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

29 mart kuni Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, bolalar Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari hamrohligida Rossiyadan qaytarilgan. Jarayon davomida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bolalarni vatanga qaytarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish ishlarini bajargan.

Bolalar vaqtincha Toshkent shahar IIBB qoshidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Ta’kidlanishicha, ularning 4 nafari «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘z oilasiga, 7 nafari esa vasiylik va homiylik tayinlangan holda yaqin qarindoshlariga topshiriladi.

Mavzuga oid