Jahon | 19:02 / 04.04.2025
4374
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Sun’iy intellekt tufayli boy va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut o‘smoqda

Sun’iy intellekt dunyo bo‘ylab 40 foiz ish o‘rinlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, texnologiyalarning iqtisodiy foydasi notekis taqsimlanish ehtimoli yuqori.

Foto: AFP

Avtomatlashtirish va sun’iy intellekt (SI) rivojlanishi 40 foiz kasblar uchun salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi. Bu haqda BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) hisobotiga tayanib CNBC xabar berdi.

Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2033 yilga borib sun’iy intellekt bozori qiymati 4,8 trillion dollarga yetishi mumkin. Ushbu texnologiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga yordam beradi, biroq UNCTAD avtomatlashtirishning mehnat bozoriga ehtimoliy ta’siridan ogohlantirmoqda.

Shunday qilib, SI dunyo bo‘ylab 40 foiz ish o‘rinlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, texnologiyalarning iqtisodiy foydasi notekis taqsimlanishi ehtimoli yuqori, bu esa global tengsizlikni chuqurlashtiradi. Hisobotda ta’kidlanishicha, sun’iy intellekt asosan mehnatga emas, kapitalga foyda keltiradi, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarda arzon ishchi kuchining raqobatbardoshligini pasaytiradi.

BMT, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida texnologik rivojlanishdagi nomutanosiblikka ham e’tibor qaratmoqda. Dunyo bo‘ylab SI bo‘yicha tadqiqot va ishlanmalarga sarflanayotgan mablag‘ning 40 foizi asosan AQSh va Xitoyda faoliyat yurituvchi 100 ta kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi. Apple, Nvidia va Microsoft kabi texnologik gigantlarning bozor kapitallashuvi butun Afrika qit’asi yalpi ichki mahsulotiga teng — bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi texnologik tafovutni yanada kuchaytirishga olib keladi.

Ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarning SI normativ-axloqiy doirasini ishlab chiqishda faol ishtirok etishi zarurligini ta’kidlamoqda. BMT sun’iy intellekt ishlatilishiga oid ma’lumotlarning oshkor etilishi, umumiy infratuzilmani yaratish, ochiq sun’iy intellekt modellarini qo‘llab-quvvatlash, bilim va resurslar almashinuvini rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surishni tavsiya qilyapti.

UNCTAD’ning qayd etishicha, sun’iy intellekt strategik investitsiyalar, tartibga solish va xalqaro hamkorlik sharoitida taraqqiyot katalizatoriga aylanishi mumkin.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid