Jahon | 21:01 / 04.04.2025
11851
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyev NATOga qo‘shilmaslik talabini qabul qilmasligini aytmoqda

Yevhen Titov / AP / Scanpix / LETA

Ukraina hukumati tinchlik muzokaralari doirasida Rossiyaning kelajakda NATOga qo‘shilmaslik kafolatlari to‘g‘risidagi talabiga rozi bo‘lmaydi, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga.

«Ukraina qabul qilmaydigan fundamental narsalar bor va ulardan biri – NATOga a’zo bo‘lish harakatlarimizga uchinchi davlat tomonidan veto qo‘yishning imkonsizligi», – dedi vazir. Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina-NATO kengashining so‘nggi yig‘ilishida ittifoqchilarga bu pozitsiyaning prinsipialligini ma’lum qilgan.

Vazir alyansga a’zolik Ukraina uchun qisqa muddatli maqsad emasligini ta’kidladi va u bo‘yicha «hali konsensus yo‘qligi»ni tan oldi, biroq bu har qanday holatda ham «boshqa davlat, masalan, Rossiya vetosi» bilan bog‘liq bo‘lmasligini ta’kidladi.

Rossiya hukumati bir necha bor Ukrainadan NATOga a’zolikdan voz kechishni talab qilgan, turli ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun bu tinchlik kelishuvining asosiy shartlaridan biri ekanini yozgan. Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytgach, Oq uy ham Kiyevning alyansga qo‘shilmasligi haqidagi pozitsiyani takrorlay boshladi. Trampning o‘zi fevral oyi oxirida «shunchaki Ukraina NATOga kirmasligi, chunki hammasi shu tufayli boshlangani»ni aytdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3 aprel kuni hozir «kimdir buni qo‘llab-quvvatlashni istamasa ham», Ukrainaning kelgusida NATOga a’zo bo‘lishi masalasini «hozircha hech kim muzokaralar stolidan olib tashlamayotgani»ni aytdi.

NATOning o‘zidagilar uzoq muddatli istiqbolda Ukraina alyansga a’zo bo‘lishi mumkin degan pozitsiyada. NATO mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining 2 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tashkilot Vashingtondagi bayonotlarga qaramay, bu pozitsiya o‘zgarmaganini tasdiqladi. «Ittifoqchilar Vashingtondagi sammitda Ukrainaning NATOga qo‘shilish yo‘li ortga qaytmas ekanligini aytishdi. Bu qaror o‘z kuchida qoladi, u NATOning umumiy siyosati bo‘lib qoladi», – deyiladi alyans kotibiyatida.

Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiyadan sulh haqidagi taklifga zudlik bilan javob berishni talab qilmoqda

Rossiya AQShning so‘zsiz sulh taklifiga javob berishni kechiktirishni bas qilishi kerak, dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Barro Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasiga rozilik bildirganidayoq «muhim yon berish»ni amalga oshirganini qayd etadi. «Endi Rossiya AQSh taklifiga javob berishi kerak. Bu xoh „ha“, xoh „yo‘q“ javobi bo‘lsin, lekin bu tezkor javob bo‘lishi kerak», – deya ta’kidladi u.

O‘t ochishni zudlik bilan va 30 kunga so‘zsiz to‘xtatish g‘oyasini 11 mart kuni AQSh vakillari Ukraina bilan muzokaralarda ilgari surgan edi. Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish ikki tomonlama bo‘lishi sharti bilan bunga rozi bo‘lgandi. Biroq Moskvada hozirgacha aniq javob berilmadi: bir necha kundan keyin Putin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashini, biroq sulh tuzishdan oldin tafsilotlarni, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmini kelishib olish kerakligini aytdi.

Keyinroq AQSh avval Rossiya, so‘ngra Ukraina bilan energetika obektlariga zarba berishni 30 kunga qisman to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi. Shundan beri har ikki tomon bir necha bor bir-birini bu kelishuvlarni buzganlikda ayblagan, shu bilan birga, o‘zlari bunga rioya qilayotganini ta’kidlagan.

Mart oyi oxirida Vashingtondagilar Moskvadan tinchlik yo‘lida aniqroq harakatlarni kutayotganini ma’lum qila boshladi. Xususan, Donald Tramp tez-tez Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qilishga o‘tdi – garchi u Putin «bitimning o‘z qismini bajarishi»ga ishonishini aytishda davom etgan bo‘lsa-da. AQSh davlat kotibi Marko Rubio 4 aprel kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan so‘ng Vashington «tez orada» Rossiya vaqtni cho‘zayotganini yoki haqiqatan ham tinchlik kelishuviga tayyorligini aniqlab olishini aytdi. Uning fikricha, bu bir necha haftalik masala bo‘ladi.

Mavzuga oid