Britaniya YeIdan go‘sht va sut mahsulotlari olib kirilishini taqiqladi
Bojxona xizmati taqiqlangan go‘sht mahsulotlari va pishloq solingan buterbrodni olib kirayotgan turistlarni ham to‘xtatishni boshlaydi.

Foto: Andreas Solaro/AFP/Getty Images
Buyuk Britaniya shaxsiy foydalanish maqsadida Yevropa Ittifoqidan go‘sht va sut mahsulotlari olib kirilishiga taqiq joriy etdi, deb yozmoqda The Guardian.
Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu cheklovlar mamlakatda oqsim kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilinganini bildirdi. Bojxona xizmati taqiqlangan go‘sht mahsulotlari va pishloq solingan buterbrodni olib kirayotgan turistlarni ham to‘xtatishni boshlaydi.
«Ayni vaqtda oqsimning Buyuk Britaniyaga kirib kelish xavfi o‘rtacha deya baholanmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida. Oxirgi marta ushbu kasallik mamlakatda 2007 yilda tarqalgan edi.
Taqiq ostiga tushgan Yevroittifoq davlatlari orasida ayni paytda oqsim tarqalgan mamlakatlar — Germaniya, Vengriya va Slovakiya bor. Shuningdek, cheklov Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo davlatlar, Farer orollari va Grenlandiyani ham qamrab oladi.
Mamlakatga ayrim hayvonlar — sigir, qo‘y, cho‘chqa va echki go‘shtlaridan tayyorlangan mahsulotlarni olib kirish mumkin emas. Sur go‘sht, xom go‘sht va sut olib kirish ham taqiqlangan. Bundan tashqari, poxol va somon, oqsimga moyil hayvonlar hamda uy hayvonlari uchun ozuqa savdosiga ham cheklovlar mavjud.
7 mart kuni Jahon hayvonlar salomatligini muhofaza qilish tashkiloti Vengriyada 1973 yildan beri ilk bor yirik shoxli qoramollar orasida oqsim kasalligi aniqlangani haqida e’lon qildi. Kasallik Slovakiya bilan chegara hududidagi fermada qayd etilgan. Aprel boshida Avstriya hukumati Vengriya va Slovakiya bilan chegara o‘tish punktlarini yopdi.
Mavzuga oid

00:21 / 07.06.2025
Buyuk Britaniyada 700 yil oldin amalga oshirilgan qotillik fosh etildi

20:14 / 06.06.2025
Qozog‘iston harbiylari Buyuk Britaniyada tayyorgarlikdan o‘tadi

22:15 / 03.06.2025
Britaniya Abramovichdan «Chelsi»ni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukrainaga berishni talab qildi

18:41 / 02.06.2025