O‘zbekiston | 19:27 / 25.06.2025
12334
2 daqiqa o‘qiladi

Iyul havosi turlicha bo‘ladi: ob-havo prognozi

Iyulning ilk kunlari o‘ta issiq bo‘lishi, keyin salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda. Oyning ikkinchi yarmidan havo oqimlari jazirama issiqliklarni mintaqaga olib kelishi ehtimoli bor. Kun.uz'da ob-havo prognozi bilan – iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

Joriy yilning 24 iyun kuni respublikaning juda katta qismida mavsum uchun ilk eng issiq harorat kuzatildi. Xususan, Termizda +43,9 daraja issiq, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatining ko‘plab stansiyalarida bu kuni +43 darajadan yuqori harorat ro‘yxatga olindi. Aynan shu kuni Qoraqalpog‘istonning ko‘plab stansiyalarida harorat maksimumi +30 darajaga ham yetmadi. Mazkur salqin havoning kirib kelayotgani 3-4 kunligimizning ob-havosini belgilaydi. 26-28 iyun kunlarida qishloq xo‘jaligi maydonlari jazirama havo hovuridan tushganini his etadi.

Iyul oyining birinchi yarmida yuz beradigan nisbatan salqinlik oyning ob-havosi me’yoriy bo‘lishini, faqat va ayrim hududlarda ko‘p yillik me’yordan 1-2 daraja yuqori kelishini ta’minlaydi. Bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida ikkinchi ekinni ekishda ayrim hudud fermer va dehqonlari kuz kutilmalarini – oktyabr oyida ekinlarni sovuq urishi mumkin bo‘lgan sovuq havo oqimlari shakllanishiga moyillik borligini e’tiborga olib, ekin turlarini tanlashlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid