Jahon | 13:25 / 26.06.2025
3236
3 daqiqa o‘qiladi

MRB Eron yadro obektlariga jiddiy zarar yetganini e’lon qildi

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Retkliffning so‘zlariga ko‘ra, ishonchli manba ma’lumotlari Eronning qator yadroviy inshootlari vayron qilinganini va ularni qayta tiklash uchun yillar kerak bo‘lishini tasdiqlaydi.

Foto: Handout/Planet Labs PBC/AFP

Markaziy razvedka boshqarmasida mavjud bo‘lgan ishonchli razvedka ma’lumotlari Eronning yadroviy dasturi AQSh harbiy samolyotlarining yaqinda berilgan zarbalari tufayli jiddiy zarar ko‘rganini tasdiqlaydi. Bu haqda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffning 25 iyun, chorshanba kuni Markaziy razvedka boshqarmasi saytida chop etilgan bayonotida aytiladi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi Eronning bir qator yadroviy obektlari vayron qilingani va ularni qayta tiklash bir necha yil davom etishi haqidagi xulosaga kelgan axborot o‘z ichiga «ishonchli va aniq manba/usuldan olingan yangi razvedka ma’lumotlari»ni oladi. «Markaziy razvedka boshqarmasi qaror qabul qiluvchilar va nazorat qiluvchi organlarni xabardor qilish uchun ishonchli manbalardan qo‘shimcha ma’lumot to‘plashda davom etmoqda», — deyiladi hujjatda.

Shu kuni, 25 iyunda CNN telekanali Amerika harbiy razvedkasining xulosalari bilan tanish bo‘lgan yetti manbaga tayanib, AQShning Erondagi uchta yadroviy obektiga yaqinda bergan zarbalari «bu davlat yadroviy dasturining markaziy qismlarini yo‘q qilmagani, balki uni bir necha oy orqaga surganini» yozdi. Shunga o‘xshash ma’lumot The New York Times tomonidan ham tarqatilgan.

Nashrlar manbalari, xususan, Eronning boyitilgan uran zaxiralari yo‘q qilinmaganini da’vo qilmoqda. Jurnalistlarning suhbatdoshlaridan biri, shuningdek, sentrifugalar «asosan, ish holatida» ekanini aytdi. Boshqa bir manbaning aytishicha, boyitilgan uran AQSh ularga zarba berishdan oldin yadroviy inshootlardan olib chiqib ketilgan.

«Oq uy bunday baholashni tan oladi, biroq ularga qo‘shilmasligini ma’lum qiladi», deb xabar berdi CNN. O‘z navbatida AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida jurnalistlarni keskin tanqid qildi. «Feyk xabarlarni tarqatgan CNN va New York Times tarixdagi eng muvaffaqiyatli harbiy zarbalardan birining rolini pasaytirishga harakat qildi. Erondagi yadroviy inshootlar butunlay vayron bo‘ldi!» - deb yozgan Tramp.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid